Eri tomonidan ayovsiz kaltaklangan ayol masalasi Senat nazoratiga olindi
Jamiyat
−
08 Sentabr 2020
8515Joriy yilning 20 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik 35 yashar Sh. o‘zi yashayotgan xonadonida turmush o‘rtog‘i M.ni ayovsiz kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi. Oradan ko‘p o‘tmay, u Toshkentda qo‘lga olindi. Ayni vaqtda ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan nazoratga olingan.
Senatdan xabar qilishlaricha, Samarqand shahar IIB tomonidan bugungi kunda M.ga himoya orderi berilgan va maxsus markazga farzandlari bilan birga joylashtirilgan. Qolaversa, markazda malakali psixologlar jalb qilinib, psixologik yordam berilayapti, shuningdek, M. to‘liq tibbiy ko‘rikdan ham o‘tkazilgan. Barcha zarur dori vositalari olib berilib, sog‘lig‘ini tiklashi uchun yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirgi kunda jabrlanuvchi mazkur maxsus markazda 2 nafar farzandi bilan yashab kelmoqda.
Bundan tashqari, M. va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahar IIB tomonidan himoyaga olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda uning turmush o‘rtog‘i Sh. ga nisbatan Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.
Jabrlanuvchi ayol Samarqand shahar Termiz ko‘chasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan M. ekanligi ma’lum bo‘lgan. M. turmush o‘rtog‘i 1985 yilda tug‘ilgan Sh. bilan 2012 yilda shar’iy nikohdan, 2015 yilda FXDYO bo‘limidan qonuniy nikohdan o‘tib yashab kelgan. O‘rtalaridagi oilaviy kelishmovchiliklari sababli er xotinini qiynoqqa solib, kaltaklab kelgan.
LiveBarchasi