Erdo‘g‘anning kuyovi Ukrainaga 3 ta Bayraktar sovg‘a qildi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor oilasiga tegishli “Baykar Makina” kompaniyasi Ukrainaga 3 ta Bayraktar TB2 uchuvchisiz havo kemalarini sovg‘a qilmoqda. Bu haqda kompaniya ta’sischisi va direktori Selchuk Bayroqdor ma’lum qildi. 

Joriy yilning 22 iyun kuni ukrainalik teleboshlovchi va aktyor Sergey Pritula ijtimoiy tarmoqlar orqali ukrain xalqiga murojaat qilib, mamlakat mudofaasiga hissa qo‘shish maqsadida Bayraktar TB2 harbiy dronlarini sotib olish uchun xayriya aksiyasi tashkil etilganini e’lon qilgan edi. Uch kun ichida ushbu xayriyaga minglab odamlar qo‘shilib, 600 million grivna (20 million AQSH dollari) mablag‘ yig‘ildi. 

Ukrainaliklarning hamjihatligidan quvongan Selchuk Bayroqdor esa Bayraktar TB2 dronlarini Kiyevga beg‘araz taqdim etishini ma’lum qildi. 

"Ukraina xalqini himoya qilish uchun Bayraktar TB2 sotib olish uchun "Xalq Bayraktari" shiori ostida Ukrainada uyushtirilgan xayriya kampaniyasining juda qisqa vaqt ichida muvaffaqiyatli yakunlanganidan xabar topdik. 

Vatanparvar ukrain xalqining maqsadga erishish istagi va birdamlik ruhi ham bizda katta taassurot qoldirdi. Yig‘ilgan xayriya evaziga sotib olinishi rejalashtirilgan 3 ta Bayraktar TB2  uchuvchisiz havo vositalarini Ukrainaga sovg‘a qilishga qaror qildik”, deydi Prezident Erdo‘g‘anning kuyovi. 

U Bayraktar TB2larni sotib olish uchun yig‘ilgan barcha xayriya mablag‘lari Ukraina xalqining manfaatlari uchun ishlatishini so‘radi. 

“Baykar Makina”  nomidan biz Ukrainadagi inqirozning tez va adolatli hal etilishini tilab, mustahkam tinchlik uchun duo qilishimizni hurmat bilan bildiramiz”, deydi uchuvchisiz harbiy havo kemalari muallifi Selchuk Bayroqdor. 


Maqola muallifi

Teglar

Selchuk Bayroqdor Bayraktar TB2

Baholaganlar

246

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing