Erdo‘g‘anning qasamyodida kamida 20 davlat rahbari qatnashadi 

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ertaga, 3 iyun kuni Anqarada bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyasi (qasamyodi)da kamida 20 davlat rahbari va 45 vazir ishtirok etadi. Bu haqda mahalliy matbuot yozmoqda. 

Aytilishicha, Erdo‘g‘anning inauguratsiya marosimida turli mamlakatlardan 20 davlat rahbari va 45 vazir ishtirok etishi kutilmoqda. Mehmonlar orasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Al Soniy ham bor. Bundan tashqari, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham marosimda qatnashish uchun Turkiyaga borishi kutilmoqda. 

Manbaga ko‘ra, Turkiya rahbarining 3 iyun kuniga mo‘ljallangan maxsus dasturi mavjud bo‘lib, u Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasini ziyorat qilish, qasamyod qilish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibini e’lon qilishni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun, kecha, 1 iyun kuni Turkiya Markaziy saylov komissiyasi 28 may kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichining yakuniy natijalarini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Erdo‘g‘an 52,18 foiz ovoz bilan qayta saylandi. Uning raqibi, muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdaro‘g‘li esa 47,82 foiz ovoz olgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Prezidenti o‘zining g‘alabasini xorijlik mehmonlar bilan nishonlashi kutilayotgani aytilgandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham inauguratsiya marosimida qatnashish uchun Turkiyaga taklif etilgani ma’lum qilindi. Rossiya tomonidan esa inauguratsiyada Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an inauguratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing