Erdo‘g‘anni onasidan so‘kkanlar hibsga olindi
Olam
−
25 mart
6869Bugun, 25 martga o‘tar kechasi Istanbulning Sarachxona tumanida shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olinishiga qarshi o‘tkazilgan ruxsatsiz namoyishlar ortidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning oilasini haqorat qilgan 41 kishi hibsga olindi. Bu haqda Istanbul prokuraturasi xabar berdi.
Bildirilishicha, tergov jarayonida 41 nafar gumonlanuvchining Sarachxonadagi namoyishdan so‘ng davlat rahbari va uning oila a’zolarini omma oldida haqorat qilgani aniqlangan. Shu munosabat bilan prokuror “Prezidentni haqorat qilish”, “Miting va namoyishlar o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunni buzish”, “Mansabdor shaxslarga qarshilik ko‘rsatish” moddalari bo‘yicha gumonlanuvchilarni qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Ko‘rsatmani olgandan so‘ng, Istanbul xavfsizlik boshqarmasi xodimlari muvofiqlashtirilgan operatsiya o‘tkazib, barcha 41 gumondorni qo‘lga olgan. Bildirilishicha, ayni paytda ularni so‘roq qilish va protsessual hujjatlarni tayyorlash ishlari davom etmoqda.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ijtimoiy tarmoq orqali Prezident Erdo‘g‘an, uning marhum onasi va boshqa oila a’zolariga nisbatan haqoratomuz so‘zlarni qoralab bayonot berdi. U bunday nojo‘ya harakatlar jazosiz qolmasligini ta’kidlab, politsiya tomonidan 43 nafar provokator qo‘lga olingani, qolgan ishtirokchilarni aniqlash va qo‘lga olish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch ham voqealarni qoralab, bu vahshiylik jamiyatning bag‘rikenglik chegarasidan tashqariga chiqqanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bunday g‘alayonlarga huquqiy sohada albatta munosib javob bo‘ladi va birorta ham bunday holat oqibatsiz qolmaydi.
Bundan tashqari, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari va partiya voizi O‘mer Chelik o‘z bayonotida namoyishchilar tomonidan Prezident, uning marhum onasi va oila a’zolariga nisbatan haqorat qilinishini qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. U bu sharmandali ishlar jazosiz qolmasligini qo‘shimcha qilib, bunday xatti-harakatlar o‘ta mas’uliyatsizlik va ma’naviy tanazzul ifodasi ekanini ta’kidladi.
Rasmiylar kelgusida shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilishini aytdi. Bundan tashqari, hukumat va huquq-tartibot idoralari bundan buyon ham vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishi, davlat institutlari va ularning vakillariga qarshi qaratilgan har qanday ig‘vo va haqorat qilishga urinishlarga qat’iy chek qo‘yishi bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 mart ksni Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan keyin Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) va uning raisi O‘zg‘ur O‘zel so‘nggi kunlarda Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan Turkiyada davom etayotgan zo‘ravonlik to‘lqini uchun to‘liq javobgar ekanini aytgandi.