Erdo‘g‘anni dunyo yetakchilari qanday tabrikladi?
Olam
−
29 may 2023
9318Kecha, 28 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovining ikkinchi turida g‘alaba qilgan Rajab Toyib Erdo‘g‘anga dunyo yetakchilari tomonidan tabriknomalar yuborildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Erdo‘g‘anni davlat rahbari etib qayta saylangani bilan qutlab, Turkiya va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni intiqlik bilan kutayotganini bildirgan.
Shuningdek, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa Twitter'da turkiyalik saylovchilarni Erdo‘g‘anni qayta saylagani, saylovlarda demokratik an’analarni aks ettiruvchi faollik ko‘rsatgani uchun qutlagan.
“Turkiya NATOning qimmatli ittifoqchisi va hamkoridir. Turk xalqi tomonidan saylangan hukumat bilan ishimizni davom ettirishni intiqlik bilan kutamiz”, deb yozgan Blinken.
Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov esa Erdo‘g‘anga telefon qilib, uning siyosiy muvaffaqiyati va demokratik irodasining g‘alabasi bilan samimiy tabriklagan.
Telefon suhbatida yetakchilar siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni har tomonlama kengaytirish tarafdori ekanligini yana bir bor tasdiqlagan, shuningdek, ishonch, hurmat va o‘zaro anglashuv barcha sohalarda ko‘p tomonlama davlatlararo hamkorlikni muvaffaqiyatli davom ettirishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
Iordaniya qiroli Abdullah II esa Turkiya rahbariga tabrik telegrammasi yo‘llab, unda ikki mamlakat va xalqlar manfaatlariga xizmat qiladigan, shuningdek, mintaqaviy va hamkorlik aloqalari rivojiga hissa qo‘shadigan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash qat’iyatini ta’kidlagan. Iordaniya qiroli Erdo‘g‘anga muvaffaqiyatlar, turk xalqiga esa taraqqiyot va farovonlik tilagan.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi esa Turkiya Prezidentini Twitter'da tabriklagan. Modi Hindiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar, shuningdek, global muammolar bo‘yicha hamkorlik kelajakda ham rivojlanib borishiga ishonch bildirgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Erdo‘g‘anni Twitter'da tabriklagan va u bilan ikki davlat manfaati yo‘lida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, Yevropa xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishni intiqlik bilan kutishini bildirgan.
Bundan tashqari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Prezidentlari, shuningdek, Lotin Amerikasi mamlakatlari Argentina, Paragvay, Kuba, Ekvador, Gvatemala, Boliviya, Dominikan Respublikasi yetakchilari ham Erdo‘g‘anga tabrik yo‘llagan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Oliy saylov kengashi raisi Ahmet Yener saylov byulletenlarining mutlaq ko‘pchiligini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘olib bo‘lganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, byulletenlarning 99,43 foizini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 52,14 %, Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 47,86 % ovoz olgan. Kecha, 28 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Erdo‘g‘anga telefon qilib tabriklagandi. Erdo‘g‘an esa Istanbuldagi chiqishida Mirziyoyev lozim bo‘lsa Turkiyaga yetib borishini bildirganini aytdi. AQSH Prezidenti Bayden, Rossiya Prezidenti Putin ham Erdo‘g‘anni g‘alabasi bilan qutladi.
LiveBarchasi