Erdo‘g‘an yumshadi. Turkiya Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishiga rozi

Olam

image

Turkiya Finlyandiyaning NATOga arizasini tasdiqlash jarayonini boshladi. Bu masala Turkiya parlamentida ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 17 mart kuni Anqarada Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi. 

U Turkiya har doim NATOning “ochiq eshiklar” siyosatini qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. 

Qayd etilishicha, Finlyandiya Anqaraning xavfsizlik muammolarini hal qilish uchun samimiy va aniq qadamlar qo‘ya olgan. 

“NATOga arizalarni alohida ko‘rib chiqish qarori Finlyandiyada terrorchilarning sheriklari yo‘qligi sababli qabul qilindi, buni Shvetsiya haqida aytib bo‘lmaydi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Stokgolmning harbiy-siyosiy blokka qo‘shilish haqidagi arizasiga to‘xtalib, Turkiya Prezidenti Shvetsiya bilan NATOga ariza berish bo‘yicha muzokaralar alyans tamoyillari nuqtai nazaridan hamda Anqaraning terrorizmga qarshi kurash mavzusiga munosabatini inobatga olgan holda davom etishini aytdi. 

“Anqara Stokgolmga 120 nafar terrorchi ro‘yxatini berdi. Bu jinoyatchilar Turkiyaga ekstraditsiya qilinmasdan turib, [NATO arizasiga] ijobiy munosabatda bo‘lish mumkin emas. Terrorizmga qarshi kurash masalasi Turkiya uchun “qizil chiziq”dir. Anqaraning Stokgolm arizasiga munosabati Shvetsiya tomonining aniq qadamlari bilan belgilanadi”, deb tushuntirdi Erdo‘g‘an. 

Prezident Anqara mintaqadagi terrorizm tahdidini bartaraf etish, Turkiya kelajagi uchun bu masalani bir marta va butunlay yopish niyatida ekanini ta’kidladi. 

Erdo‘g‘an Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi arizasi Turkiyada may oyida bo‘ladigan saylovlar oldidan parlament tomonidan ma’qullanishiga umid bildirdi. 

“Ishonchim komilki, Finlyandiya NATO safida global xavfsizlik va barqarorlikka katta hissa qo‘shadi”, deydi u. 

Siyosatchining qayd etishicha, Turkiya Anqaraning YeIga to‘laqonli a’zolikka nomzodini qo‘llab-quvvatlash masalasida Finlyandiya pozitsiyasini muhim deb biladi. 

Turkiya rahbari ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar 1924 yilda o‘rnatilgani va shundan beri faqat mustahkamlanib borayotganini, fevral oyidagi zilzilalar fonida Finlyandiya Turkiyaga ko‘rsatgan yordami bunga yaqqol misol bo‘lganini eslatdi. 

Erdo‘g‘an, Finlyandiya bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish muhimligini ham qayd etdi. Uning aytishicha, Turkiya va Finlyandiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2022 yilda 2 milliard dollarga yetgan. 

“Bizning maqsadimiz bu ko‘rsatkichni dastlabki bosqichda 3 milliard dollarga, keyin esa 5 milliard dollarga yetkazish”, deydi u. 

Shuningdek, u Niinistyo bilan Ukraina atrofidagi inqiroz mavzusini muhokama qilgan. 

Sauli Niinistyo, o‘z navbatida, Anqaraning Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini qo‘llab-quvvatlash qarorini “Finlyandiyaning barcha aholisi uchun muhim yangilik” deb atadi.  

“Biz sizdan juda minnatdormiz”, deydi Prezident Erdo‘g‘anga murojaat qilib.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning may oyida Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Biroq, Turkiya kurd tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorchilikda yoki 2016 yilda mamlakatdagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etganlikda ayblangan shaxslarni ekstraditsiya qilishni va ularga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayoniga to‘sqinlik qilishga uringan. 

O‘tgan yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo o‘sha paytda Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson bilan alyans Bosh kotibi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida nomzodlarga NATO a’zoligiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Anqara avvalroq Finlyandiya va Shvetsiya bilan imzolangan memorandum yakuniy emasligini va Turkiya parlamenti uni ma’qullamasligi mumkinligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rajab Toyib Erdo'g'an Finlyandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing