Erdo‘g‘an yana Shimoliy Kiprni TDTda dastakladi
Olam
−
03 noyabr 2023
7047Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastaklab, yana Turkiy davlatlar tashkilotiga suqishga harakat qilmoqda. U bu haqda bugun, 3 noyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 10-sammitida so‘z ochgan.
“Oila kengashimiz o‘tgan yili Samarqanddagi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga bir ovozdan kuzatuvchi a’zo maqomi berib, tarixiy qaror qabul qildi. Ushbu qarorni qabul qilishda qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman”, degan Erdo‘g‘an sammitdagi nutqida.
Uning qayd etishicha, turkiy dunyo bu qaror bilan yakkalanib qolgan bo‘lsa-da, vatanidan voz kechmagan Kipr turklarining yolg‘iz emasligini barchaga ko‘rsatgan.
Erdo‘g‘an so‘zida davom etib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini “Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi” deb atadi.
“Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi bo‘lgan Kipr turklari bilan birdamlikda harakat qilish bizning farzimizdir. Keyingi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini ham qaror qilganimizdek kuzatuvchi a’zo sifatida oramizda ko‘rishimizga ishonaman. Men bu boradagi zukko rahbarligingizga ishonaman", deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Turkmanistonni ham a’zolar qatorida ko‘rmoqchi ekanini yashirmadi.
"Biz kuzatuvchi a’zo Turkmanistonni Oila kengashimizning to‘laqonli a’zosi sifatida ko‘rishni xohlaymiz”, deydi Erdo‘g‘an.
TDT 2009 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) sifatida tashkil etilgan. U hozirgi nomini 2021 yil noyabr oyida Istanbuldagi sammitda oldi. Tashkilotga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo, Turkmaniston va Vengriya uning ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi ham 2023 yil mart oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan sammitda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan edi. Biroq Turkiyadan boshqa hech bir mamlakat SHKTRni Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega ekanini e’tirof etmaydi.
Bir-birini rad etuvchi bayonotlar
TDTning 2022 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an dunyo mamlakatlarini hayratda qoldirgan bayonot bilan chiqdi. U o‘z nutqida Turkiyadan tashqari dunyoning hech bir mamlakati tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.
“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini [Turkiy davlatlar] tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, deydi Erdo‘g‘an.
Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.
Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi.
“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi.
Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Norov.
Biroq, ommaviy axborot vositalari Vladimir Norovning bayonotidan qoniqish hosil qilgani yo‘q. Ayniqsa, xorijiy media allaqachon Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr Turk Respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga zid ravishda tan olishda ayblamoqda.
Gretsiya esa Shimoliy Kipr haqidagi bayonotlarni allaqachon qoralashga tushdi.
Gretsiya Turkiya rasmiylarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomi berilishi haqidagi bayonotlarini qoralaydi. Bu haqda Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi 11 noyabr kuni tarqatgan bayonotida aytiladi.
"Biz turk rasmiylarining soxta davlatning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lganligi haqidagi bayonotlarini qoralaymiz. Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham bu borada tegishli xabar tarqatdi. Har qanday psevdodavlat maqomini oshirishga urinish xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 541 va 550-sonli rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deyiladi hujjatda.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gretsiyaning pozitsiyasi barqaror va o‘zgarmasdir.
“Biz Kipr muammosining BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga asoslanadigan va Yevropa qonunchiligiga mos keladigan adolatli va barqaror yechimga erishish, ya’ni ikki jamoali, ikki hududli federatsiya tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidladi vazirlik.
Barcha tortishuvlarga qaramay, bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkilotining Istanbuldagi qarorgohida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar bayroqlari qatorida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bayrog‘i ham hilpirab turibdi. Tan olinmagan ushbu respublikaning rahbari Ersin Tatar esa joriy yilning mart oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan TDT davlatlari rahbarlari sammitida ishtirok etdi.
Gap shundaki, Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.