Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiyaning yo‘liga “tosh qo‘ydi”

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATOning Finlyandiya va Shvetsiya bo‘yicha qarorlariga ijobiy munosabatda emasligini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.

“Biz Shvetsiya va Finlyandiya bilan bog‘liq o‘zgarishlarni kuzatib boryapmiz, lekin biz buni ijobiy baholamaymiz”, degan Erdo‘g‘an bugun, 13 may kuni juma namozidan keyin jonli efirda.

Erdo‘g‘an o‘z pozitsiyasini har ikki Skandinaviya davlati ko‘plab terrorchilar uchun boshpana ekani bilan izohlagan. Shuningdek, u Turkiya NATOga a’zo bo‘lganidan beri uning kengayishini qo‘llab-quvvatlab kelganin qo‘shimcha qilgan. 

Ma’lumki, Turkiya NATO a’zosidir. Har qanday davlat NATOga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun alyansning barcha a’zolari arizani ma’qullashi kerak.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

855

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing