Erdo‘g‘an Putinga iltimos bilan chiqdi. U nima xohlayapti?

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaz narxi haqida gaplashgan va gaz sotib olishda chegirma bo‘lishiga umid qilmoqda. Bu haqda “Bloomberg”  yozmoqda.

“Putin bilan gaz narxini muhokama qildim, chegirmaga ega bo‘laman degan umiddaman”, deya Turkiya rahbarining so‘zlarini keltirgan agentlik.

Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi energetik vaziyat fonida kelayotgan qish Yevropa uchun oson bo‘lmaydi va u katta moliyaviy xarajatlarga duch keladi.

Avvalroq Erdo‘g‘an Samarqanddagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti davomida bo‘lajak uchrashuvda Putindan Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini “g‘alla koridori” orqali yetkazib berishni boshlashni so‘ramoqchiligi ma’lum bo‘lgandi. Turkiya prezidentining ishontirishicha, agar bunday yetkazib berish boshlansa, “tovarlarni, jumladan, Afrikaning eng qashshoq mamlakatlariga ham taqsimlashning optimal tizimi yaratiladi”.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentyabr kuni Putin Vladivostokda bo‘lib o‘tgan Sharqiy iqtisodiy forum sessiyasida Rossiya g‘alla bo‘yicha kelishuv Yevropadagi emas, jahon bozorlaridagi vaziyatni yaxshilashga qaratilganini borasida qat’iy pozitsiyada ekanini aytgandi. 

“Biz ushbu kelishuv tuzilishi uchun hamma narsani qildik, ularga amal qilamiz. Biz hamma narsani ta’minlaymiz. Ma’lum bo‘lishicha, ular yana odamlar aytganidek, qo‘pol ravishda “chuv tushirishdi”. Ular aldashdi. Nafaqat bizni, balki kelishuvga erishish bahonasida eng qashshoq davlatlarni ham”, degan Putin.

U mahsulotlar muhtoj mamlakatlarga yuborilmayotgani uchun Erdo‘g‘an bilan Ukrainadan Yevropaga g‘alla va oziq-ovqat eksportini cheklash imkoniyatini muhokama qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.

Kelishuv kuchga kirganidan keyin avgust oyida Ukraina portlaridan 1,67 million tonnadan ortiq oziq-ovqat eksport qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

206

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing