Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiy bilan bog‘liq maqsadini aytdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 22 avgust kuni Rossiya va Ukraina rahbarlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida yaqin kelajakda respublikada muzokaralar tashkil etishni o‘z maqsadi deb bilishini aytdi. 

“Maqsadimiz – [Ukrainadagi] inqirozni hal qilish uchun imkon qadar tezroq Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni tashkil etish”, deydi Turkiya rahbari Anqarada Turkiya hukumati yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha xalqqa murojaati chog‘ida. 

Ayni paytda Erdo‘g‘an Ukrainadagi mojaroni Turkiya va butun insoniyat uchun ta’sir qiladigan “dunyodagi eng muhim inqiroz” deb atadi.  

"Turkiya bu urushning oldini olish va keyin uni tinch yo‘l bilan tugatish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. G‘alla inqirozining oldini olish mexanizmini yaratish ham bizning sa’y-harakatlarimiz tufayli amalga oshirildi. Dunyoda g‘alla yetishtirishning uchdan biridan ko‘prog‘ini Rossiya va Ukraina tashkil etishini hisobga olsak, Ukraina donining mamlakatimiz orqali jahon bozoriga jo‘natila boshlaganining o‘ziyoq insoniyat uchun katta voqeadir”, deb hisoblaydi Turkiya Prezidenti. 

Ma’lumot uchun, 18 avgust kuni Lvovda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. So‘ng Erdo‘g‘an va Zelenskiy ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun alohida muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi harbiy harakatlardan xavotirini, Chernobil fojisini takror boshdan kechirishni istamasliklarini bildirdi. 

Muloqotda Ukraina donini Qora dengiz orqali jahon bozoriga olib chiqishda BMT va Turkiya boshchiligida yo‘lga qo‘yilgan samarali muloqotdan urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishda ham foydalanish mumkinligi qayd etilgan. 

“Men urush oxir-oqibat muzokaralar stolida tugashiga ishonaman. Aslida, janob Zelenskiy va Guterrish bu borada hamfikr. Biz muzokaralar stoliga olib boradigan eng qisqa va adolatli yo‘lni aniqlashimiz kerak”, degan Erdo‘g‘an. 

Gap shundaki, Erdo‘g‘an joriy yilning 5 avgust kuni Sochiga borib, Prezident Vladimir Putin bilan muloqot qilgandi. Katta ehtimol bilan Erdo‘g‘anning Lvovga tashrifi Putin bilan muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘lishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, Erdo‘g‘an Putinning gaplarini og‘izmay, tomizmay Zelenskiyga va Guterrishga yetkazgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

63

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing