Erdo‘g‘an NATO sammitida Finlyandiya va Shvetsiyaga doir hujjatlarni e’lon qilmoqchi – OAV
Olam
−
20 iyun 2022
7764Iyun oyi oxirida Madridda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shimoliy Atlantika alyansi ishtirokchi-mamlakatlarini Shvetsiya va Finlyandiyaning alyansga kirish ehtimoli bo‘yicha maxsus hujjatlar bilan tanishtirmoqchi. Bu haqda Turkiyaning “Sabah” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, hujjatda Stokgolm va Xelsinki Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP)ni moliyaviy va siyosiy qo‘llab-quvvatlagani haqida dalillar keltirilgan.
Nashrning yozishicha, Turkiya armiyasi Suriya va Iroq shimolidagi harbiy amaliyotlar chog‘ida Shvetsiyada ishlab chiqarilgan o‘q otish masofasi 200-1000 m bo‘lgan 84 kalibrli AT-4 tankga qarshi qurollarni ham qo‘lga kiritgan. Buning isboti sifatida Turkiya tomoni tankga qarshi qurollarning seriya raqamlarini yozib, suratga olgan.
“Shuningdek, Turkiya tomoni sammitda Gretsiyaning Egey dengizida keskinlikni kuchaytirayotganiga ham to‘xtaladi. Xususan, gap harbiy maqomga ega bo‘lmagan Gretsiya orollarini qurollantirish haqida ketmoqda. Turkiya buni Parij (1947) va Lozanna (1923) kelishuvlarining “jiddiy buzilishi” deb hisoblaydi. Anqara Gretsiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari darajasidagi “provokatsion tashriflarni” ham qoralaydi. Afina rad etgan faktlar ham hujjatlar bilan birga ittifoqchilarga ko‘rsatiladi”, deyiladi xabarda.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.
15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.
LiveBarchasi