Erdo‘g‘an ko‘rinish berdi
Olam
−
27 aprel 2023
10119Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlardan so‘ng “Oqquyu” atom elektr stansiyasining yadroviy yoqilg‘i yetkazib berish marosimida ko‘rinish berdi. Biroq u rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin kabi marosimda videoaloqa orqali qatnashdi. “Oqquyu” AESning ochilishida MAGATE rahbari Rafael Grossi ham ishtirok etdi.
Marosimda nutq so‘zlagan Erdo‘g‘an 60 yillik kechikishdan keyin bo‘lsada, Turkiya dunyoda atom energiyasiga ega davlatlar qatoriga qo‘shilganini qayd etgan. U “Oqquyu” Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi eng katta sarmoya ekanini aytgan.
Aytilishicha, elektr stansiyasining barcha agregatlari 2028 yilgacha bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Mamlakatda iste’mol qilinadigan elektr energiyasining 10 foizi ushbu elektr stansiyasi hisobidan ta’minlanadi. To‘liq quvvat ishga tushirilgach, bu yerda yiliga taxminan 35 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an loyihadagi tajribadan kelib chiqib, turli hududlarda qurishni rejalashtirgan 2- va 3-atom elektr stansiyalari uchun tezroq chora ko‘rishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq jonli efir paytida Turkiya rahbarining ahvoli yomonlashgandi. Shundan so‘ng ijtimoy tarmoqlar va ba’zi OAVda Erdo‘g‘an miokard infarktini boshidan o‘tkazgani haqida habarlar tarqaldi. Rasmiy Anqara esa bunday xabarlarni rad etdi. Bugungi marosimdan oldin Erdo‘g‘an Putin bilan telafonda gaplashdi.
Biroq voqealarning bir jihati borki, oldindan “Oqquyu” atom elektr stansiyasining yadroviy yoqilg‘i yetkazib berish marosimida Putin videoaloqa orqali, Erdo‘g‘an esa jismonan AESga borib ishtirok etishi reja qilingan edi. Rasmiy tadbirga o‘zgartirish kiritilishiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.
LiveBarchasi