Erdo‘g‘an Kantening “Fenerbahche”ga transferini hal qildi
Sport
−
04 fevral 5768 2 daqiqa
Turkiyaning “Fenerbahche” klubi mamlakat Prizidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning aralashuvi sababli Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” jamoasi yarim himoyachisi N’Golo Kante bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Klubimiz jahon futbolining muhim namoyandalaridan biri – N’Golo Kantening transfer jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi. Mazkur jarayonning ijobiy yakunlanishida muhim qo‘llab-quvvatlov uchun Prezidentimiz Rajab Toyib Erdo‘g‘anga shaxsan o‘zim va klubim nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman”, deydi Istanbul klubi prezidenti Sadettin Saran.
Ma’lumot uchun, 34 yoshli N’Golo Kante 2023 yildan buyon “Al-Ittihod” safida to‘p surib kelayotgandi. U bungacha Fransiyaning “Bulon” va “Kan”, shuningdek, Angliyaning “Lester” va “Chelsi” klublarida o‘ynagan hamda har bir ingliz jamoasi bilan bir martadan Angliya Premer-ligasi g‘olibiga aylangan. Shuningdek, Kante “Chelsi” safida Angliya kubogi, Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham zafar quchgan. 2018 yilda esa Fransiya terma jamoasi bilan Jahon chempioni bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq N’Golo Kantening “Fenerbahche”ga transferi Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubi tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilgan xato sababli barbod bo‘lgani va keyinchalik N’Golo Saudiya klubi bilan shartnomasini bekor qilgani va erkin agentga aylangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi