Kantening “Fenerbahche”ga transferi barbod bo‘ldi
Sport
−
03 fevral 1437 2 daqiqa
Turkiyaning “Fenerbahche” klubi Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubi tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilgan xato sababli jahon chempioni N’Golo Kanteni transfer qila olmadi. Bu haqda Istanbul klubi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Klub bayonotiga ko‘ra, “Fenerbahche” barcha hujjatlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri rasmiylashtirgan, biroq “Al-Ittihod” vakillari tomonidan tizimga ma’lumotlar noto‘g‘ri kiritilgani sababli ro‘yxatdan o‘tish davrida transferni yakunlash imkoni bo‘lmagan.
Turkiya tomoni transfer muddati uzaytirilishini so‘ragani, shuningdek, Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) bilan zarur muzokaralar olib borgani va muammoni hal etish uchun barcha choralarni ko‘rganini ma’lum qilgan. Shunga qaramay, kelishuv yakunlanmagan, “Al-Ittihod” esa mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Istanbul klubi hujumchi Yusuf En-Nesiri evaziga “Al-Ittihod” yarim himoyachisi Kante bilan almashinuv asosida transferni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Ma’lumot uchun, 34 yoshli N’Golo Kante 2023 yildan buyon “Al-Ittihod” safida to‘p surib kelmoqda. U avvalroq Fransiyaning “Bulon” va “Kan”, shuningdek, Angliyaning “Lester” va “Chelsi” klublarida o‘ynagan hamda har bir ingliz jamoasi bilan bir martadan Angliya Premer-ligasi g‘olibiga aylangan. Shuningdek, Kante “Chelsi” safida Angliya kubogi, Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham zafar quchgan. 2018 yilda esa Fransiya terma jamoasi bilan Jahon chempioni bo‘lgan.