Erdo‘g‘an “qora shahzoda”ga elektromobil sovg‘a qildi
Olam
−
18 iyul 2023
11736Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonga Turkiyaning birinchi Togg elektromobilini sovg‘a qildi. Bu haqda Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.
Kecha, 17 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suadiya Arabistoniga tashrif buyurgan. Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya, mudofaa sanoati, energetika, mudofaa va kommunikatsiya sohalarida bir qancha shartnomalar imzolangan.
Erdo‘g‘an valiahd shahzoda bilan Al-Salmon saroyida tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazgan.
Muzokaralardan so‘ng Turkiya rahbari Muhammad bin Salmonga Togg elektromobilini sovg‘a qilgan.
Valiahd shahzoda o‘sha zahoti Togg avtobilini sinovdan o‘tkazib, Erdo‘g‘anni mehmonxonasigacha o‘zi eltib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 aprel kuni Erdo‘g‘an O‘zbekiston Prezidentiga Turkiyaning birinchi milliy elektromobili Togg yuborilishini aytgan edi. 12 aprelda elektromobil Shavkat Mirziyoyevga topshirilgandi.
Ma’lumot uchun, Erdo‘g‘an 2022 yilning 22 iyun kuni ham Saudiya Arabistoniga tashrifni amalga oshirgan edi. O‘shandan keyin Saudiyada turkiyalik Hojilarga va Umra ziyoratchilariga qo‘yilgan ikki yillik taqiq olib tashlandi.
Qoshiqchi ishi
Ikki mamlakat va bilvosita davlat rahbarlarining munosabati Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan “The Washington Post” gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligida o‘ldirib, jasadi bo‘laklab yo‘q qilinganidan keyin yomonlashgan edi. Qoshiqchi 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z Saudiya Arabistonining Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini tan olgan.
2021 yil fevral oyida AQSH Milliy razvedka boshqarmasi 2018 yilda tayyorlangan, ammo sobiq Prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan jamoatchilikka e’lon qilinmagan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining qatli bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.
Ushbu hisobotda Qoshiqchining o‘ldirilishini ma’qullagan shaxs Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ekani ko‘rsatilgan.
Qirollik Bosh prokuraturasining rasmiy vakili qotillikda ayblangan sakkiz kishining besh nafariga 20 yil qamoq jazosi tayinlangani, bir kishi o‘n va yana ikki nafar ayblanuvchi yetti yilga qamalganini ma’lum qildi.
Rasmiy Anqara mazkur qotillik bo‘yicha sudni Saudiya Arabistonida emas, balki Qoshiqchi o‘ldirilgan Istanbulda tashkil etilishi tarafdori ekanini ma’lum qilib, Ar-Riyodni jurnalistning qotilligiga aloqadorlarni ekstraditsiya qilishga chaqirdi.
2019 yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida ushbu ish bo‘yicha besh sudlanuvchi o‘limga hukm qilingan, yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan. Ushbu ishda jami 11 kishi jalb etilgan. 25 mart kuni Istanbul prokuraturasi Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.
Joriy yilning aprel oyida Turkiya Adliya vazirligi jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha ishni Saudiya Arabistoniga o‘tkazishga qaror qildi.
Aytilishicha, Saudiya Arabistoni diplomatik missiyasidagi shov-shuvli qotillikka aloqador ishda 26 kishi ishtirok etmoqda. Tergov doirasida Saudiya Arabistonidan Qoshiqchini o‘ldirish uchun kelgan 15 kishidan sakkiz nafarining shaxsi aniqlangan.
LiveBarchasi