Erdo‘g‘an Qilichdoro‘g‘lini AQSHdan ko‘rsatma olganlikda aybladi
Olam
−
13 may 2023
8543Bugun, 13 may kuni Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an prezidentlik saylovlarida birinchi turda g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi. Bu haqda “Report” xabar berdi.
“Biz nima kerak bo‘lsa, shuni qilamiz va buni birinchi turda yakunlaymiz. Ertaga saylov uchastkalarida buni qilamiz”, degan Erdo‘g‘an.
Amaldagi Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish natijalari Erdo‘g‘anning hozirgi raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan AQSH Prezidenti Jo Baydenga javob bo‘ladi.
“Janob Kamol nima deyapti? Agar u saylovda g‘alaba qozonsa, Turkiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘yishini aytmoqda. Bu nima degani? Rossiyadan deyarli besh yarim million sayyoh keladi. Buni Baydendan olgan ko‘rsatma bilan qilmoqchimisiz? Ertaga saylovchilar ham Baydenga javob beradi”, deb tushuntirgan Erdo‘g‘an.
Kamol Qilichdoro‘g‘li esa televideniyeda berayotgan intervyusi reklama tufayli to‘xtatilganidan so‘ng, agar saylovda g‘alaba qozonsa, davlat rahbari bir vaqtning o‘zida bir nechta OAVda chiqish qilish amaliyotiga chek qo‘yishga va’da bergan. Chunki amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qilichdoro‘g‘li intervyusiga parallel ravishda birdaniga 14 ta ommaviy axborot vositasining jonli efirida savollarga javob bergan.
“Biz bu davlatni boshqaradigan bo‘lsak, turli telekanallarda bir xil kontentni hech qachon ko‘rmaysiz. Biz sizga demokratiyani va’da qilamiz”, degan Qilichdoro‘g‘li.
Shuningdek, bugun, 13 may kuni “Areda” sotsiologik kompaniyasi o‘z tadqiqotlarini e’lon qilgan. Unda aytilishicha, Turkiyada prezidentlik poygasidan bir nomzodning chiqib ketishi saylovning birinchi turida Erdo‘g‘anning g‘alaba qozonishini ta’minlaydi. Kompaniya tomonidan 11-12 may kunlari 25 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Turkiyaning amaldagi Prezidenti 51,3 foiz ovoz to‘plashi mumkin, bu esa birinchi turda g‘alaba qozonish uchun yetarli.
Istanbuldagi “Turkiye Raporu” sotsiologik markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari esa buning aksini ko‘rsatadi. Unga ko‘ra, Qilichdoro‘g‘li Turkiyada ertaga, 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida oz farq bilan Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozonishi mumkin. Turkiyaning 29 viloyatida 3577 respondent o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari Qilichdoro‘g‘li 50,5 foiz, Erdo‘g‘an esa 45,6 foiz ovoz to‘play olishini ko‘rsatgan.
Turkiya Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, saylovlarda jami 64 million Turkiya fuqarosi qatnasha oladi. Respublika va xorijda jami 191 884 ta saylov qutilari o‘rnatiladi.
Ma’lumot uchun, Turkiyada prezidentlik saylovlarida uch nomzod ishtirok etmoqda. Oliy davlat lavozimi uchun asosiy kurash Qilichdoro‘g‘li va Erdo‘g‘an o‘rtasida davom etadi. “Ajdodlar” siyosiy alyansi nomzodi Sinan Og‘an, sotsiologlar prognozlariga ko‘ra, 4 foizdan ko‘p bo‘lmagan ovoz to‘playdi. G‘alaba qozonish uchun 50 foizdan ko‘proq ovoz olish kerak. Mahalliy siyosatshunoslar Turkiyada prezidentlik saylovlari ikki bosqichda o‘tkazilishini istisno qilmayapti. Bunda ikkinchi tur 28 may kuni bo‘lib o‘tadi. Ko‘pchilik ovoz to‘plagan nomzod g‘olib deb e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, saylovga uch kun qolganida “Vatan” partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Muharram Inje prezidentlik poygasidan chiqqandi. Qilichdoro‘g‘li esa Rossiyani Turkiyadagi prezidentlik saylovi arafasida ijtimoiy tarmoqlarda soxta materiallar tarqatganlikda ayblagandi. Bunga javoban Erdo‘g‘an xorijiy davlatlar bilan aloqada 20 yillik tajribaga ega ekanini, ularning asl niyatlarini yaxshi bilishini eslatib, raqibining ayblovlarini "uyatli" degandi.
LiveBarchasi