Erdo‘g‘an Isroilni “jinnilik"ni bas qilishga chaqirdi
Olam
−
28 Oktabr 2023
9215Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroilni “jinnilik"ni bas qilib, G‘azoni bombardimon qilishni darhol to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 28 oktyabr kuni X’dagi sahifasida yozdi.
"Isroilning kecha tunda kuchaygan G‘azodagi bombardimonlari yana ayollar, bolalar va tinch aholini o‘ldirdi. Shu bilan u insonparvarlik inqirozini yanada kuchaytirmoqda. Isroil zudlik bilan bu jinnilikni bas qilib, hujumlarini to‘xtatishi kerak", degan Turkiya rahbari.
Shuningdek, Erdo‘g‘an o‘z yurtdoshlarini Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun kunning ikkinchi yarmida Istanbulda o‘tkaziladigan mitingda ishtirok etishga chaqirgan.
“Barcha birodarlarimni Istanbuldagi Otaturk aeroportida bo‘lib o‘tadigan “Buyuk Falastin mitingi”ga taklif qilaman. U yerda biz Falastin xalqi tarafida ekanimizni va Isroil zulmiga qarshiligimizni baland ovoz bilan e’lon qilamiz”, deydi Prezident.
Ma’lumot uchun, mazkur mitingda qatnashish uchun bir qator Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari taklif qilingan: Misr, Iordaniya, Livan, Liviya, Falastin va Saudiya Arabistoni. Unda Erdo‘g‘an boshchiligidagi Turkiya rahbariyati vakillari, siyosiy partiyalar rahbarlari ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 oktyabr kuni Isroilning G‘azoga hujumlari kuchaydi. Isroil armiyasi G‘azodagi 150 nishonga zarba berganini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi