Erdo‘g‘an Iroqqa bordi. U Bag‘doddan nima kutyapti?
Olam
−
22 aprel
3526Bugun, 22 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an so‘nggi 12 yilda ilk bor Iroqqa bordi. Bu haqda "Al Arabiya" xabar berdi.
Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an Iroq hukumatidan kurd jangarilariga qarshi kurashda yordam kutmoqda. Terrorchi tashkilot deb tan olingan “Kurdiston ishchilar partiyasi” (KIP) yillar davomida Turkiya armiyasiga qarshi harakatlarini Iroq hududidan olib boradi.
“Turkiya iqtisodiy, ijtimoiy, xavfsizlik omillaridan iborat keng qamrovli strategiyani ishga solmoqchi. Iroq o‘z xavfsizlik kuchlari salohiyatini oshirish orqali o‘z xavfsizligini yaxshilashi mumkin. Bu Turkiyani ham ancha xavfsiz qiladi”, degan Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy izlanish jamg‘armasidan Murat Aslan.
O‘tgan oy Iroq hukumati KIP faoliyatini man qilgani Anqaraning diplomatik yutug‘i sifatida ko‘rilmoqda. Iroq qattiq qurg‘oqchilikka yuz tutayotgan bir paytda Turkiyadan Iroq tomon oqayotgan daryolarga to‘g‘onlaridan ko‘proq suv chiqarishni so‘ramoqda. Erdo‘g‘an Bag‘dod iltimosini ko‘rib chiqishga so‘z bergan. Bu degani Anqara buning evaziga Iroqdan yana nimadir so‘rashi mumkin.
Kuzatuvchilar Turkiyaning Iroq bilan savdo aloqalari kuchayayotganiga e’tibor qaratadi. Erdo‘g‘an Xitoy va Yevropa o‘rtasida tushirilishi rejalanayotgan savdo yo‘li doirasida Iroq orqali xalqaro tranzitni oshirishga ham umid qilmoqda.
Irbil Iroq Kurdistonining poytaxti bo‘lib, Erdo‘g‘an mintaqa rahbarlari bilan yaqin aloqaga ega.
Biroq kuzatuvchilar Turkiyaning Iroqda ta’sirini yoyishga qaratilgan harakatlariga Eron to‘siq qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Ba’zilar Tehron ta’sirini muvozanatga solish uchun Bag‘dod Anqara bilan hamkorlikka intilayotganini ta’kidlaydi.
“Iroqda Eron ta’sirining kattaligidan norozi siyosatchilar ko‘p. Turkiya bu ma’noda muvozanatlovchi kuch bo‘lishi mumkin. Turkiyaning o‘zi ham shunday bo‘lishni istaydi, Eronning Iroq, Suriya, Livan va Yamandagi ta’siridan xursand emas”, degan siyosiy tahlilchi Soli O‘zel.
Tahlilchilar Erdo‘g‘anning Iroqqa tashrifi o‘zgarishlarga olib kelishini va shu bilan birga, Eron bilan tarixiy raqobatni yanada kuchaytirishi mumkinligini aytmoqda.
LiveBarchasi