Erdo‘g‘an ilk bor Isroil Bosh vaziri bilan ko‘rishdi
Olam
−
23 Sentabr 2023
5532Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Birlashgan Millatlar Tashkilotining yillik yuqori darajadagi Bosh Assambleyasi chog‘ida birinchi marta shaxsan uchrashdi. Erdo‘g‘an Isroil Bosh vaziri bilan o‘zaro tashriflar borasida kelishib olganini aytdi. Bu haqda u Nyu-Yorkda turk OAVlariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Avval Netanyaxu kasalligi tufayli Turkiyaga kela olmagandi. Lekin endi men unga bu tashrifni amalga oshirishi kerakligini aytdim, keyin men va mening jamoam Isroilga boramiz. Biz kelishuvga erishdik. Umid qilamizki, buni hech qanday kechikishlarsiz bajaramiz va Isroil bilan energiya resurslari sohasida ishlarni boshlaymiz. Biz energiya resurslarini nafaqat Turkiyaga, balki Turkiya orqali Yevropaga yetkazib berish yo‘llaridan foydalanamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Prezidentning aytishicha, Isroil bilan energetika sohasida hamkorlik mamlakatlarga turli ufqlarni yengib o‘tish imkonini berishi mumkin.
"Biz ushbu hamkorlikning salohiyati haqida gaplashdik. Shuningdek, vazirlar ishtirokida turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish mexanizmini yaratishning afzalliklarini ham muhokama qildik. Bular energetika, turizm, texnologiya va boshqa sohalardir. Uchrashuv davomida biz xalqaro siyosatda qo‘shma qadamlar istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik”, deydi Turkiya rahbari.
Uning eslatishicha, Turkiya va Isroil o‘rtasidagi savdo aylanmasi 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Netanyaxu bilan uchrashuvda bu ko‘rsatkichni kamida 15 milliard dollarga yetkazish ustida ishlashga qaror qilingan.
LiveBarchasi