Erdo‘g‘an “don yo‘lagi” masalasida Putinning aytganlarini tasdiqladi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Samarqandda o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadan don eksport qilish masalasini gaplashib olmoqchi. Bu haqda bugun, 8 sentyabr kuni uning o‘zi Xorvatiya Prezidenti Zoran Milanovich bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Putin “don yo‘lagi” orqali yuklar eng qashshoq mamlakatlarga yetkazib berilmayotganini to‘g‘ri aytdi. Yuklar rivojlangan mamlakatlarga boryapti. Anqara Rossiyadan ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti boshlanishiga umid qiladi va qo‘llaydi. Samarqandda Putin bilan bu masalani muhokama qilaman”, degan Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari “g‘alla yo‘lagi”ni shakllantirish g‘oyasi oziq-ovqat inqirozi fonida eng qashshoq mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga asoslanganini eslatgan.

“Rossiyaga qarshi sanksiyalarning davom etishi fonida Moskvaga cheklovlar joriy etgan mamlakatlarga don yetkazib berilishi Putinni xavotirga solmoqda. Biz Rossiyadan ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tarafdorimiz. Bu masalani hal qilish uchun biz Putin bilan mavzuni har tomonlama muhokama qilamiz (SHHT sammiti doirasida), - degan Erdo‘g‘an.

Turkiya Prezidenti Ukrainadagi urush fonida energiya bozorlaridagi vaziyatga e’tibor qaratgan.

“Ayni damda Yevropa yaqinlashib kelayotgan qish oylariga tayyorgarlikdan xavotirda. Energiya narxi juda yuqori, bu G‘arb va Yevropani xavotirga solmoqda. Umid qilamanki, kerakli qadamlar tufayli muammo hal bo‘ladi”, deydi Turkiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Putin 7 sentyabr kuni Sharqiy iqtisodiy forumdagi nutqida Ukraina doni dastlab aytilganidek asosan nochor va rivojlanayotgan davlatlarga emas, Yevropaning rivojlangan mamlakatlariga jo‘natilayotganini qoralagandi. RF Prezidenti bu masalani Erdo‘g‘an bilan muhokama qilishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.

Kelishuv kuchga kirganidan keyin avgust oyida Ukraina portlaridan 1,67 million tonnadan ortiq oziq-ovqat eksport qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

74

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing