Erdo‘g‘an davlat himoyasidagi bolalar bilan iftorlik qildi

Olam

image

Kecha, 6 mart kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va ayoli Emina Erdog‘an Istanbuldagi Vahdettin qarorgohida davlat himoyasida tarbiyalanayotgan bolalar bilan iftorda birga bo‘ldi. Bu haqda TRT Haber nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezident va ayoli 7 yoshdan 12 gacha bo‘lgan 23 nafar bola bilan bir dasturxonda iftorlik qilgan. Dasturda, shuningdek, Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mohinur O‘zdemir Go‘ktosh ham ishtirok etgan.

“Bugun Istanbulda iftorimizning eng go‘zal mehmonlari davlat himoyasidagi bolalarimiz edi. Ularning kulgusi qalbimizni isitdi, suhbatlari esa ko‘nglimizga yumshatdi. Farzandlarimiz bilan bir dasturxon atrofida o‘tirish biz uchun katta baxt. Har birining kelajagi yorqin bo‘lishini tilayman va ularning mehribon homiy oilalar bag‘rida, sevgi to‘la uylarida hayotga tayyorlanishlarini istayman”, deydi Emina Erdo‘g‘an.

Prezident Erdo‘g‘an o‘tkazilgan tadbirda bolalar bilan suhbatlashib, ular bilan yaqindan muloqot qilgan. Iftordan so‘ng esa bolalardan biri ovqatdan keyingi duo o‘qigan.

Shuningdek, bolalar o‘tgan hafta 72 yoshga to‘lgan Prezident Erdo‘g‘anning tug‘ilgan kuni bilan ham qutlagan.

Dastur davomida Erdo‘g‘an G‘azo haqida yozgan she’rini o‘qigan qizaloqni “Ofarin!” deya maqtab, olqishlagan.

Ta’kidlanishicha, bolalar Prezident Erdo‘g‘an rahbarligida Turkiyada amalga oshirilgan muhim loyihalar – Togg milliy avtomobili, Bayraktar Kizilelma uchuvchisiz jangovar samolyoti va “Chiqindisiz hayot” loyihasiga bag‘ishlangan rasmni Emina Erdo‘g‘anga sovg‘a qilgan.

“Ilm-fan va texnologiyada erishilgan bu yutuqlarga davlatimiz tarbiyalagan farzandlar sifatida biz ham hissa qo‘shishni istaymiz va shu yo‘lda qat’iyat bilan ishlayapmiz”, degan bolalar.

Shundan so‘ng, bolalar Prezident va Emina Erdo‘g‘anga minnatdorlik maktublarini topshirgan.

“Toyib amaki, Emina xola, siz bilan birga iftor qilish juda ham maroqli bo‘ldi. Siz tufayli iliq uylarimizda yashayapmiz va mehr bilan ulg‘ayayapmiz”, deyiladi bolalar maktubida.

Dastur yakunida Prezident Erdo‘g‘an bolalarga kiyim-kechak va o‘quv qurollaridan iborat sovg‘a qutilarini taqdim etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkek shahridagi Imom Saraxsi nomidagi markaziy masjidiga tashrif buyurib, namoz o‘qidi va yig‘ilganlar uchun iftorlik tashkil etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Erdo'g'an davlat himoyasi iftorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing