Erdo‘g‘an Buxoriyga terrorchilikka qarshi kurashda ko‘maklashmoqchi
Olam
−
21 Oktabr 2021
10722Turkiya G‘arbiy Afrikaning muhim davlatlaridan biri bo‘lgan Nigeriya bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Nigeriya Prezidenti Muhammadu Buxoriy bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya yozmoqda “Anadolu Agency”.
Turkiya Prezidentining ta’kidlashicha, 2022 yilda ikki mamlakat diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 60 yilligini nishonlaydi.
“Turkiyaning Nigeriyadagi diplomatik missiyasi Afrika qit’asidagi eng qadimiylaridan biri”, deydi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti Nigeriyaga xavf solayotgan masalalarga e’tibor qaratgan.
“Turkiya terrorchilar, qurolli to‘dalar va qaroqchilarga qarshi kurashda Nigeriyani qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Ikki davlat o‘rtasida mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik faollashadi. Biz Turkiya mudofaa sanoatining barcha tajribalarini Nigeriya bilan bo‘lishishga tayyormiz ”, deydi Erdo‘g‘an, Turkiyaning jinoiy tashkilotlarga qarshi kurashda yaxshi tajribaga ega ekanligini eslatib.
Turkiya Prezidentining ta’kidlashicha, Anqara Fathulloh Gulen terrorchilik tashkiloti (FETO) Nigeriyaga ham xavf solayotgani haqida ogohlantirgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, 2020 yil oxirida Turkiya va Nigeriya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2 milliard dollarni tashkil qilgan.
Nigeriya Prezidenti, o‘z navbatida, Turkiya bilan energetika, mudofaa, tabiiy boyliklar va uglevodorod ishlab chiqarish sohasida shartnomalar imzolanganini e’lon qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2016 yilning 15 iyul kuni Turkiyada davlatga qarshi to‘ntarishga urinish amalga oshirildi. Unda mamlakat xavfsizlik kuchlari, ichki ishlar, prokuratura, Milliy xavfsilik xizmati, Kurolli kuchlar, mudofaa tizimlariga o‘rnashib olgan kimsalar Erdo‘g‘an boshchiligidagi Hukumatga qarshi to‘ntarishni amalga oshirib, Prezidentni hokimiyatdan ag‘darishni maqsad qilgan edi. To‘ntarishga urinishlar xalqning ko‘chalarga chiqib, mamlakat demokratiyasini himoya qilishi bilan bostirildi. Oqibatda 251 nafar begunoh insonlar qurbon bo‘ldi.
Ushbu davlat to‘ntarishiga harakat ayni damda AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilib kelayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Turkiya Hukumati to‘ntarishga urinishdan so‘ng Fathulloh Gulen va u boshchiligidagi tashkilotga qarshi murosasiz kurashni boshladi.
LiveBarchasi