Erdo‘g‘an Al-Aqsoga bosqinni Isroil Prezidenti bilan muhokama qildi

Olam

image

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil Prezidenti Isxak Gersog bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Turkiya rahbari o‘zining Twitter’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Suhbat chog‘ida bir qator yahudiy radikal guruhlari va Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘zg‘atilgan Falastindagi so‘nggi voqealar muhokama qilingan.

Prezident Erdo‘g‘an, Ramazon oyi boshidan buyon G‘arbiy Sohilda va Al-Aqso masjidida sodir bo‘lgan hodisalardan, to‘qashuvlarda 18 nafar falastinlik, jumladan, voyaga yetmaganlar o‘ldirilganidan, 400 dan ortiq kishi yaralanganidan afsusda ekanini bildirgan.

“Kecha va o‘tgan kuni bomdod namozidan keyin aqidaparastlar guruhlari Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, istalmagan hodisalar chiqishiga sabab bo‘lgani va shundan so‘ng taranglik G‘azoga ham o‘tgani bizning qayg‘ularimizni yanada kuchaytirmoqda. Bayram bayramona muhitda o‘tkazilishi kerak. Ba’zi radikallar tufayli yildan-yilga ko‘rilayotgan bu manzara vijdonni o‘rtamoqda va butun islom jamoatchiligining adolatli munosabatiga sabab bo‘lmoqda”, deb yozgan Prezident Erdo‘g‘an.

Prezident Erdo‘g‘an, Al-Aqso masjidi majmuasining “maqomi va ma’naviyatiga” qarshi fitna va tahdidlarning oldini olish zarurligiga e’tibor qaratgan.

“Shu qutlug‘ kunlarda barchani bu maskanning ma’naviyati va yaxlitligini asrab-avaylash uchun bor kuch-g‘ayratini ishga solishga chaqirig‘imni takrorlayman. Turkiya har qanday sharoitda ham tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun sa’y-harakatlarini davom ettiradi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Turkiya va Isroil rahbarlari mintaqaviy muammolar va ikki tomonlama munosabatlarning ahvoli yuzasidan ham fikr almashgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bunga Isroil politsiyasining muqaddas ziyoratgoh hududiga bostirib kirishi sabab bo‘ldi.

Hozirgacha Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman, Iroq, Liviya, Iordaniya va Turkiya Isroil kuchlarining Al-Aqsoga kiritganini qoralab chiqdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qilib, Al-Aqso atrofidagi hodisalarga qarshilik ko‘rsatishini bildirdi.

18 aprel kuni esa yahudiy aqidaparastlar Isroil politsiyasi hamrohligida yana musulmonlarning muqaddas ziyoratgohi hududiga kirdi. Falastinliklarning qarshilik ko‘rsatishi ortidan politsiya ularni kaltaklab, hibsga oldi.

Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.

Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.

Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.

Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Al-Aqso

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing