Erdo‘g‘an AQSH, Rossiya va Fransiyaga “tashlandi”: “30 yil davomida bu muammoni hal qilmadingiz”
Olam
−
29 Sentabr 2020
17305AQSH, Rossiya va Fransiyadan iborat Minsk guruhi qariyb 30 yil davomida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaroni hal qilmadi. To‘g‘rirog‘i, ular bu muammoni hal qilmaslik uchun qo‘llaridan kelganini qilishdi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 28 sentbyar kuni o‘tkazgan yig‘ilishida aytib o‘tgan.
Erdo‘g‘an Turkiya barcha imkoniyatlari bilan Ozarbayjon davlatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Armaniston bosib olingan Ozarbayjon hududlaridan darhol voz kechishi bilan mintaqa tinchlik va osoyishtalikka erishadi. Boshqa barcha kelishtiruvlar va tahdidlar nafaqat adolatsizlik, balki qonunga xilof bo‘libgina qolmay, Armanistonni erkalatishdir”, deydi Erdo‘g‘an
Oxirgi vaqtlarda Turkiyaning O‘rta yer dengizidagi tortishuvlar sabab Fransiya bilan, Suriyadagi mojarolar sabab Rossiya va AQSH bilan munosabatlariga darz ketmoqda. Erdo‘g‘an bu safar AQSH, Rossiya va Fransiyani Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga ko‘z yumib kelishda aybladi.
“Endi ular aql o‘rgatishyapti, ba’zan esa tahdid qilishyapti. Bu qanday tahdid? Tahdid savoli shu: Turkiya shu yerdami? Bu yerda turk askarlari bormi? Buni aytayotganlar minglab qurol-aslahalarni bizning janubimizga, ayniqsa Suriyaning shimoliga tashib keltirganlardir. Buni aytayotganlar Suriyaning shimolini vayron qilib, bu yerda bazalar qurganlardir. Buni aytayotganlar koalitsiya kuchlari bilan Suriyaga nayza uloqtirganlardir. Endi bular kelib bu yerda turk askarlari bormi, Turkiya bu yerga qurol yuboryaptimi, deb so‘rashyapti. Mantiqni, aqlni qarang! Go‘yo Ilhom Aliyev birodarimiz ularga hisob beradi. U 30 yilga yaqin vaqt ichida sizlarga hisob berib keldi. “Bu muammoni hal qilaylik, kechiktirmaylik”, dedi. Bosib olingan tuproqlar kimning yerlari? Ozarbayjonniki! Buni hammangiz tan olasiz. Tog‘li Qorabog‘ni tan olasiz. Bu yerning 1 millionga yaqin aholisi o‘z zaminidan uzoqda, Ozarbayjonda yashayapti. Bosib olganlar esa u yerlarda. Hech kim buning hisobini so‘ramayapti. Endi buning hisobini so‘rash vaqti keldi degan Ozarbayjon esa o‘z boshiga tushgan qorni o‘zi kurashga majbur bo‘lmoqda”, deydi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuvlar avj ola boshlagandan keyin Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Turkiya ozar xalqining yonida bo‘lishini ma’lum qildi.
So‘ngra Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga qo‘ng‘iroq qilib, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi va vaziyatdan tashvishdaligini bildirdi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Ayni vaqtda aksariyat mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ikki tarafdan o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatib, muzokaralar stoliga qaytishni so‘ramoqda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr