Erdo‘g‘an urush jinoyatchilarining o‘rni BMTda emas, sud zalida ekanligini aytdi (video)
Olam
−
10:06 1081 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an urush jinoyatlarida ayblanayotgan shaxslar BMT minbarida emas, sud zallarida javob berishi kerakligini aytdi. U bu haqda kecha, 26 sentyabr kuni Istanbulda o‘tkazilgan MÜSİAD EXPO savdo ko‘rgazmasining yopilish marosimida so‘z ochgan.
Erdo‘g‘an xalqaro tizim qonuniylik, vakillik va adolat borasida boshi berk ko‘chaga kirib qolganini ta’kidladi. Uning fikricha, Turkiya joylashgan mintaqada bir qator inqirozlar kuzatilmoqda.
Turkiya Prezidenti Falastin, xususan, G‘azo sektoridagi vaziyatga ham to‘xtalib, Anqara Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
U genotsidda ayblanayotgan shaxslar javobgarlikka tortilishi kerakligini aytdi. Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, bunday jinoyatlar uchun huquqiy va tarixiy javobgarlik ta’minlanmasa, shunga o‘xshash voqealar yana takrorlanishi mumkin.
“Urush jinoyatchilarining joyi BMT minbarida emas, balki ular sodir etgan jinoyatlar va to‘kilgan qon uchun javob beradigan sud zallaridadir”, dedi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, u Turkiya iqtisodiyoti so‘nggi 6 yil davomida uzluksiz o‘sganini aytdi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hozir dunyoningo‘n oltinchi eng yirik, Yevropaning esa oltinchi eng yirik iqtisodiyoti hisoblanadi.
Uning qayd etishicha, 2002 yilda Turkiyada eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar soni 33 mingta bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 168 mingtaga yetgan.
Erdo‘g‘an, shuningdek, 20 kun avval e’lon qilingan yangi O‘rta muddatli dastur doirasida barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sish maqsadlari yo‘lida ishlar davom ettirilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 82-sessiyasida G‘azodagi vaziyatni “barchamiz uchun vijdon masalasi” deb atab, Falastin davlatini barpo etish va G‘azoni qayta tiklash zarurligini bildirgan edi.
Live
Barchasi