Epshteyn ishi: AQSH sudi Trampga oid yashirin hujjatlarni e’lon qilishni buyurdi
Olam
−
27 iyun 3439 2 daqiqa
Joriy yilning 25 iyun kuni Federal sudya Amerika Adliya vazirligiga Jeffri Epshteyn ishiga taalluqli ayrim hujjatlarning tahrir qilinmagan (yashirilmagan) versiyalarini taqdim etish majburiyatini yukladi. Idora buni 2 iyulgacha amalga oshirishi yoki nima sababdan ushbu ma’lumotlarni sir saqlashdan chiqara olmasligini tushuntirishi kerak. Bu haqda ABC News xabar berdi.
“Adliya vazirligidan avval ham ma’lum bo‘lgan, ammo kamroq o‘chirilgan (yashirilgan) hujjatlarni taqdim etish talab qilindi – ilgari ushbu hujjatlardagi ma’lumotlarning bir qismi, masalan, jabrlanuvchilarning shaxsini sir saqlash maqsadida qora chiziqlar bilan berkitilgan edi. Sud esa ayrim elektron xatlarning jo‘natuvchisi va qabul qiluvchisini, shuningdek, ayblov xulosasi loyihasiga kiritilgan sheriklarning ism-shariflarini aniqlash imkoni bo‘lishi uchun ushbu to‘siqlarning bir qismini olib tashlashni so‘ramoqda”, deyiladi xabarda.
Vazirlikka 2 iyulgacha muhlat berilgan. Ushbu sanaga qadar idora yo hujjatlarni e’lon qilishi, yoki “nima uchun qora chiziqlar olib tashlanmasligi kerakligini” tushuntirishi lozim.
Qaror daxldor bo‘lgan fayllar orasida Prezident Donald Trampni zo‘ravonlikda ayblagan qizni so‘roq qilish bayonnomalari ham bor. Adliya vazirligi ushbu so‘roqlarning ba’zilari haqida hisobotlarni e’lon qilgan, ammo bayonnomalarning o‘zini chiqarmagan. Trampning o‘zi bu ayblovlarni inkor etadi.
Boshqa elektron xatlar, xususan, voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishga jalb etish taxminlariga tegishli. Ularda “14–15 yoshli qizlar” muhokama qilingan, xatlardan birida esa shunday deyilgan:
“U xuddi Nabokov asarlaridagi Lolitaga o‘xshaydi, mittigina ayol :) Shuning uchun endi sizga faqat shunday nomzodlarni yuborishim kerak”.
Bu xat Epshteynga yuborilgan, ammo jo‘natuvchining ismi yashirilgan.
Epshteyndan xat olgan ayrim shaxslarning pochta manzillari ham berkitilgan. Ulardan birida Epshteyn o‘z suhbatdoshiga: “Qayerdasan? Hammasi joyidami? Menga qiynoqlar aks etgan video yoqdi”, deb yozgan.
Adliya vazirligi avvalroq ushbu hujjatlarda federal hukumat tomonidan odatda e’lon qilinmaydigan, tekshirilmagan va tasdiqlanmagan da’volar mavjudligini ma’lum qilgan. Trampni zo‘ravonlikda ayblagan qizning so‘roq qilinishi borasida esa, bu yozuvlarda Prezident haqida “asossiz va yolg‘on” da’volar mavjudligi ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Qo‘shma Shtatlarda “Epshteyn fayllarning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. U Adliya vazirligiga moliyachi ishi bo‘yicha materiallarni maxfiylikdan chiqarish majburiyatini yuklagan, biroq jabrlanuvchilar va ayblovchilarning shaxsini anonim qoldirish imkoniyatini qoldirgan edi.
Shunga qaramay, ayrim fayllar dastlab hech qanday tahrirsiz e’lon qilib yuborilgan, shundan so‘ng bir necha minglab hujjatlar va mediafayllar saytlardan olib tashlangan. Oqibatda jabrlanganlarning ayrimlari tahdidlar va ta’qiblarga duch kelgan.
Live
Barchasi