Eng ko‘p oltin qazib olayotgan O‘zbekistonning zaxiralari kamaymoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralar ketma-ket beshinchi oy kamaydi. Markaziy bank tomonidan kechikish bilan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxirasi bugungi kunda 32,7 mlrd dollargacha qisqargan. Bu esa joriy yilgi eng past ko‘rsatkichdir.

Umumiy zaxiralar yil boshidan beri deyarli 3 mlrd dollarga, o‘tgan oyga nisbatan esa 958 mln dollarga kamaygan.

O‘zbekistonda xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati oshganiga qaramay, o‘tgan oyda xorijiy valyutadagi zaxiralar 860 mln dollarga, ya’ni 9 foizga qisqargan va 8,7 mlrd dollarga tushib qolgan.

Avgust oyining so‘ngiga kelib narxlarning muvozanatlashishi ortidan oltin zaxiralari 410,5 mln dollarga oshib, 23,4 mlrd dollarga yetdi. Ammo bu baribir miqdor ko‘payishi bilan emas, asosan qiymat ortishi bilan bog‘liq. 

Bunda oltinning fizik hajmi atigi 0,3 mln troya unsiyaga oshib, 11,8 mln troya unsiyadan 12,1 mln troya unsiyaga ko‘tarilgan. Oltin zaxiralarining qiymati esa narxlarning oshishi hisobiga o‘tgan oyga nisbatan 4 mlrd dollarga oshgan – 23,4 mlrd dollar.

Ammo O‘zbekistonning oltin qazib oluvchi eng yirik korxonalaridan biri Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2023 yilning birinchi yarmida dunyo bo‘ylab eng ko‘p oltin qazib olgan konlar reytingida 5-o‘rinni qayd etgan.
Kombinat yarim yilda 1425 million unsiya oltin qazib olib, qimmatbaho metallni ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri bo‘lib turibdi.

“O‘zbekistonning Navoiy davlat tog‘-kon kompaniyasi beshinchi o‘rinni egallab, 2023-yilning birinchi yarmida 1,425 ming unsiya oltin qazib oldi. Bu 2022 yilning birinchi yarmiga nisbatan 2,1 foizga ko‘p. Kompaniya ishlab chiqarish, zaxiralar va resurslar bo‘yicha dunyodagi eng yirik oltin qazib olish korxonalaridan biri bo‘lgan Muruntov ochiq kon kompleksiga egalik qiladi va boshqaradi”, deyiladi Kitco xalqaro tahliliy markazi (Kanada)ning hisobotida. Unda 2023 yilning birinchi yarmida dunyodagi Top-10 ta eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ro‘yxati keltirilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning yetti oyi davomida O‘zbekiston 5,64 mlrd dollarlik oltin sotgani va bu ko‘rsatkich 2022 yilning yanvar-iyul oylari bilan solishtirilganda (2,97 mlrd dollar) 2,1 barobarga va butun o‘tgan yilga qaraganda (4,11 mlrd dollar) ham ko‘proq ekani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

oltin O'zbekiston zaxira

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing