Energetika vazirligi fuqarolarni firibgarlardan ogohlantirdi
Jamiyat
−
25 fevral 2020
5719So‘nggi kunlarda ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar aholi xonadonlariga kirib, o‘zini elektr tarmoqlari korxonasi xodimi deb tanishtirib, xonadonlardagi elektr hisoblagich va boshqa elektr jihozlarini ko‘zdan kechirgandek bo‘lib, majburiy to‘lov undirib yurgan holatlar ko‘plab uchramoqda.
Ta’kidlanishicha, ularning ayrimlari xususiy firmalar bo‘lib, ma’lum bir to‘lov evaziga bir yillik shartnoma tuzadi va yil davomida xonadonlarga xizmat ko‘rsatish takliflarini beradi.
“Bu kabi firmalar Energetika vazirligiga tegishli emasligini yana bir bor eslatib o‘tamiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Energetika vazirligi tarkibida elektr energiyasini yakuniy iste’molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalari faoliyatini boshqarishni amalga oshiruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Mazkur jamiyat elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi. Korxona xodimlari o‘z xizmat guvohnomalari va tegishli xizmat kiyimlariga ega.
“Alohida ta’kidlaymizki, xonadoningizga kelib, o‘zini elektr tarmoqlari korxonasi xodimi deb tanishtirgan shaxslardan xizmat guvohnomasini talab qiling”, deb ogohlantirish bilan chiqqan Energetika vazirligi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli qarorida maishiy iste’molchilarga elektr energiyasi hisoblagichlarini sotib olish, o‘rnatish, ro‘yxatga olish, davriy davlat qiyoslovidan o‘tkazish va plombalash hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mablag‘lari hisobidan bepul amalga oshiriladi.
“Hurmatli iste’molchilar! Elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq holatlar yuzasidan Call-Markazning 11-54 (71-202-50-55) raqami yoki Telegram’dagi (@HET_admin) administratorga hamda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 1104 va (71) 200-08-04 ishonch telefonlari yoki Facebook’dagi “Gaz ta’minoti muammolari va ularni hal etish yo‘llari” guruhiga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi