Energetikada xodimlar ishi raqamli tizim orqali nazorat qilinadi
Jamiyat
−
27 iyul 1734 2 daqiqa
“Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgaz” tizimida ishlayotgan xodimlar faoliyatini boshqarish raqamlashtiriladi. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti raisligida yoqilg‘i-energetika sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari”da 25 ming, “Hududgaz”da esa 16 ming nafar xodim mehnat qilmoqda. Biroq ularning kunlik ish faoliyati raqamli tarzda boshqarilmagani sababli rahbarlar xodimlar vaqtidan qay darajada samarali foydalanayotganini to‘liq nazorat qila olmayapti.
Ta’kidlanishicha, bu holat mehnat unumdorligining boshqa davlatlarga nisbatan 1,5–2 barobar past bo‘lishiga, avariyalarni bartaraf etish muddati esa 3–4 barobar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Energetika vazirligi huzurida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi.
Markaz tomonidan sohaning “ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazish” zanjiri, shuningdek, ko‘mir, suyultirilgan gaz va mazut ta’minoti “stress-audit”dan o‘tkaziladi. Uning natijasi asosida sohani rivojlantirish bo‘yicha bir nechta ssenariy ishlab chiqiladi.
Shuningdek, har bir xodimning kunlik ish faoliyatini raqamli algoritm asosida boshqaradigan tizim yaratiladi. ASKUE va ASKUG ma’lumotlari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinib, shubhali o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beruvchi platforma ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, tizimdagi 106 ming nafar xodim uchun 10 ta asosiy KPI belgilab beriladi. Unda avariyaviy va rejali o‘chirishlar, tarmoqdagi yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar zaxirasi hamda ta’mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy baholash mezonlari bo‘ladi.
Live
Barchasi