Toshkentda jazirama sabab 8 mingdan ortiq iste’molchi elektrdan uzildi
Jamiyat
−
17 iyul 2291 2 daqiqa
Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar yuzaga keldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, havo haroratining keskin ko‘tarilishi hamda elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamalarning ortishi oqibatida soat 14:30 holatiga ko‘ra ayrim elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarda texnik nosozliklar yuzaga kelgan.
Shu sababli, Toshkent shahrining Olmazor, Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli tumanlari hamda Zangiota tumanidagi 8 250 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan.
Bildirilishicha, ayni vaqtda maxsus brigadalar nosozliklarni bartaraf etish va elektr ta’minotini qayta tiklash ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Ayrim hududlarda esa yuqori yuklama, kabellardagi nosozliklar hamda avariyaviy holatlarning oldini olish maqsadida elektr ta’minotiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan.
Vazirlik iste’molchilardan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, elektr ta’minotidagi rejali va favqulodda uzilishlar haqidagi ma’lumotlar tuman elektr ta’minoti korxonalarining rasmiy Telegram-guruhlarida e’lon qilib borilayotganini ma’lum qilgan.
“Hozirgi vaqtda maxsus brigadalar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish va iste’molchilarning elektr ta’minotini qayta tiklash choralari ko‘rilmoqda. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etilib, mamlakat yagona energetika tizimida sutkalik elektr iste’moli 284 million kilovatt-soatga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi