Energetika vazirligi aholiga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
16 yanvar 2023
28631O‘zbekistonda ko‘rilgan choralarga qaramay elektr energiyasi iste’moli eng baland ko‘rsatkichga, ya’ni 250 mln kVt soatga chiqqan. Shuningdek, tabiiy gazga bo‘lgan kunlik talab qazib chiqarishga nisbatan yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2022 yil 31 dekabr kuni cheklov kiritilmagan va kunlik elektr energiyasi iste’moli 220 mln kVt soatni tashkil etgan. Bu haqda Energetika vazirligi bayonotida so‘z aytiladi.
Qayd etilishicha, birgina Toshkent shahrida 13 yanvar kuni elektr energiyasi iste’moli 32 mln kVt soatdan ortib, turli sabablarga (avariyaviy holatlar va cheklovlar) ko‘ra 1 mln kVt soat elektr energiyasi iste’molchilarga yetkazib berilmagan.
“Tabiiy gazni aholiga yo‘naltirish uchun issiqlik elektr stansiyalarida tabiiy gaz yoqish hajmi kamaytirilib, zaxiradagi mazut yoqilg‘isi rejaga nisbatan 3 barobarga ko‘p yoqilmoqda.
O‘tgan kuz-qish mavsumiga nisbatan joriy kuz-qish mavsumida Chorvoq suv omborida suv sathining yuqoriligi sababli gidroyelektr stansiyalar tomonidan rejaga nisbatan 170 foiz elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda”, deyiladi vazirlikning rasmiy axborotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy gaz tanqisligi kuzatilayotgan shu kunlarda iste’molchilar xonadonlarni isitish uchun elektr qurilmalaridan keng foydalanayotgani natijasida, birgina Toshkent shahrida bugun, kun davomida tarmoqlarda yuklamalarning ortishi hisobiga 1000 dan ortiq nosozliklar yuzaga kelgan.
Nosozliklarni bartaraf etish ishlarni jadallashtirish maqsadida respublika bo‘ylab barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan qo‘shimcha brigadalar Toshkentga jalb qilingan.
Energetika vazirligi ushbu holatda aholidan elektr energiyasini tejab ishlatishni so‘ragan.
“Hurmatli vatandoshlar, albatta, biz ushbu vaziyatni o‘nglash, nosozliklarni bartaraf etish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rmoqdamiz. Mana shunday og‘ir paytda barchamiz birlashib harakat qilsak, bu muammolarni yengamiz. Bunda energiya resurslaridan oqilona va imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanish eng muhim omil hisoblanadi. Buning uchun imkon qadar:
• xonadonlarda bittadan ortiq elektrda ishlaydigan isitish qurilmalaridan foydalanmaslik;
• korxonalar va tashkilotlar xodimlarini vaqtincha onlayn ish rejimiga o‘tkazish;
• ortiqcha ko‘cha chiroqlarini, reklama ekranlari va illyuminatsiyalar, shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolardagi chiroqlarni o‘chirish;
• energiya resurslaridan noqonuniy foydalanayotgan iste’molchilarga chora ko‘rish lozim.
Buning natijasida mazkur tejalgan energiya resurslarini aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga yo‘naltirishga erishiladi”, deydi vazirlik.