“Snos”larga bosh-qosh bo‘lganlarni ozodlikdan mahrum qilish taklif qilinmoqda
Jamiyat
−
24 dekabr 2019
6577Yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish yo‘li bilan ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kelib tushgan Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Kecha, 23 dekabr kuni Qonunchilik palatasiga Hukumat tomonidan mulk huquqini kafolatlashga qaratilgan qonun loyihasi kiritildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini yangi modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Ya’ni, taklif etilayotgan yangi 173-1-moddaga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud ikki yilgacha ahloq tuzatish ishlari bilan jazolash ko‘zda tutilmoqda.
Yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi bino, boshqa imorat, inshoot yoki dov-daraxtlarni yoxud ularning qismlarini, zararning o‘rni mazkur mol-mulkning bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplanmagan holda buzib tashlashga sabab bo‘lsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik (55 mln 750 ming) baravaridan uch yuz (66 mln 900 ming so‘m)baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash taklif etilmoqda.
Huddi shunday harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda yoki juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash ham ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ham 61-33-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unda yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzganlik uchun jazo qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalarining noqonuniy olib qo‘yilishiga chek qo‘yish, shuningdek yetkazilgan zararlarni qoplashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
LiveBarchasi