Mijozini 20 marta pichoqlab, jasadini kanalga tashlagan bank xodimiga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Farg‘onada bank xodimi tamagirlik maqsadida 28 yoshli mijozini o‘ldirib, uning jasadini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yubordi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari matbuot kotibi Alibek Meliboyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, voqea Qo‘qon shahridagi banklardan birida ishlagan xodim tomonidan sodir etilgan. U avtokredit rasmiylashtirish uchun bankka kelgan mijozning yonida avtomobil xaridi uchun 5 700 AQSH dollari borligini bilgan.

Shundan keyin bank xodimi mijoz bilan yaqinroq aloqa o‘rnatgan. U turli bahonalar bilan yigitni bank binosidan tashqariga chiqishga ko‘ndirib, Tracker avtomashinasiga o‘tqazgan va uni shahardan chetroq hududga olib ketgan. Yo‘l davomida bank xodimi mijoz bilan mojaro chiqargan hamda mashinani odamlar kam yuradigan dala yo‘liga haydagan. U ovloq joyga yetgach, mijoznini avtomobildan tushirishga uringan.

Jabrlanuvchi xodimga qarshilik qilganidan so‘ng u avtomashinasida olib yurgan oshxona pichog‘ini ishlatgan va yigitning bo‘yni hamda badanining turli joylariga 20 martadan ko‘proq zarba berib, uni o‘ldirgan.

Jinoyatdan keyin esa bank xodimi jasadni mashinasiga joylab, ish joyiga qaytgan. U ish vaqti yakunlanguniga qadar odatdagidek ishini davom ettirgan. Kechqurun esa jinoyatni yashirish maqsadida marhumning jasadini Katta Farg‘ona kanaliga olib borib, suvga tashlagan.

Bildirilishicha, jasad olti kun davom etgan qidiruvlardan so‘ng kanaldan topilgan.

Jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Ma’lum qilinishicha, sud hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) ikkinchi qismi “j” va “i” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan hamda unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Shuningdek, ayblanuvchiga nisbatan 5 700 AQSH dollari miqdorida moddiy hamda 200 mln miqdorida ma’naviy zararni undirish tayinlangan. Mahkum jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi tug‘uruqxonada katta hamshira boshqa hamshiralarni pichoqlagani haqida xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing