Endilikda reytingi yuqori tadbirkorlik sub’ektlari soliq tekshiruvidan o‘tmaydi
Jamiyat
−
16 noyabr
2313O‘zbekistonda yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Bu haqda bugun, 16 noyabr kuni Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 15 noyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan.
Qonun bilan yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun rag‘batlantirish choralari joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra:
- yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan soliqlar bo‘yicha (bundan QQS mustasno) ortiqcha to‘langan summani qaytarish 3 kunlik muddatda amalga oshiriladi;
- reyting bo‘yicha “AAA” toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan esa soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno) va mazkur toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga QQS summasi o‘rnini qoplash tekshiruvlar o‘tkazilmasdan 1 kunlik muddatda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga byudjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytarilishi xabar qilingan edi.