Endilikda pasportning elektron shakli ham rasman tan olinadi
Jamiyat
−
08 yanvar
5998Joriy yilning 1 iyul sanasidan boshlab shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinadi. Ularning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroport, vokzal kabi tegishli hujjatlarni so‘raydigan tashkilotlarda talab etilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabr kuni qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida shaxsiy hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining aniqlik kiritishicha, endilikda my.gov.uz'dagi shaxsni tasdiqlovchi, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarning raqamli (elektron) shakllari rasman tan olinadi. Bunda my.gov.uz platformasi hamda “Ijtimoiy karta” mobil ilovasida ushbu raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.
Quyidagi hujjatlar ro‘yxatga kiritilgan:
- O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti;
- O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi;
- Haydovchilik guvohnomasi;
- Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
- Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
- Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
- Transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
- Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
- Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
- Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Transport vositasining majburiy sug‘urta (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
- Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi rasmiy hujjat;
- Talabalik guvohnomasi;
- Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
- O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Turar joy ob’ektlarining kadastr pasporti;
- Jismoniy shaxsning shaxsiy avtomototransport vositasini boshqa shaxslarga boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.
Mazkur hujjatlarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi, ya’ni portaldagi elektron shakllari ham tan olinadi.
LiveBarchasi