Endilikda YPX inspektorini istalgan joyga chaqirgan holda mashinani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin
Jamiyat
−
24 aprel
20836Bugun, 23 aprel kunidan e’tiboran my.gov.uz orqali yangi avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza yo‘llash imkoniyati sinov tartibida ishga tushirildi. Bu haqda portal matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozircha bu imkoniyat Toshkent shahridagi “Fayzobod” ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida sinovdan o‘tkazilmoqda. Test muvaffaqiyatli yakunlansa, tizim avval Toshkent shahri bo‘ylab, keyinchalik qolgan hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.
Talabgor arizani shakllantirishda xizmatni qaysi ko‘rinishda olishini belgilaydi:
- Arizachi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limiga borgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish;
- Sayyor xizmat – YHXX xodimining o‘zi belgilangan manzilga keladi (qo‘shimcha to‘lov asosida).
Xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan to‘lovlar quyidagicha:
- Ro‘yxatdan o‘tkazish: BHMning 6,84 barobari (Elektromobil, motolar, tirkamalar – 1,5 barobar);
- Davlat raqami: BHMning 3,5 barobari;
- Qayd etish guvohnomasi (texpasport): BHMning 0,7 barobari;
- Texnik ko‘rik: BHMning 0,1 barobari.
Sayyor xizmat uchun (10 km.ga):
- 1 kunda kelsa: BHMning 4 barobari;
- 3 kunda: BHMning 3 barobari;
- 5 kunda: BHMning 2 barobari.
10 kilometrdan ortiq masofa uchun har bir kilometrga YAHMning 0,05 barobari qo‘shib boriladi.
Ariza my.gov.uz orqali yuborilganida, talabgorga davlat raqam belgisi va to‘lov uchun invoys taqdim etiladi. To‘lov amalga oshirilgach, “Fayzobod” ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limiga borib, arizadagi davlat raqam belgisi aytiladi, YHXX inspektori transport vositasini ko‘rikdan o‘tkazadi va davlat raqami hamda texpasportni taqdim etadi.
Ma’lumot uchun, Prezident tomonidan imzolangan “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmonga asosan 2024 yilning 1 oktyabridan e’tiboran bazaviy hisoblash miqdori 10 foizga oshirilgan. Shunga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston hududida bazaviy hisoblash miqdorining amaldagi summasi 375 ming so‘mni tashkil etadi.
LiveBarchasi