Endi voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilganlar amnistiyaga tushmasligi mumkin

Jamiyat

image

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamalar portaliga qo‘yildi.

Loyihada 18 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish, unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, fohishalikka jalb qilish hamda voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. 

Shuningek, loyihada “ta’qib etish” (stalking) tushunchasiga ta’rif berilib, ta’qib etganlik uchun ham himoya orderi berilishi mumkinligi belgilanmoqda. Loyihada jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish, qaddi-qomatni shahvoniy mazmunda tasvirlash, shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar qilish uchun javobgarlik qo‘shilmoqda.

Qayd etilishicha, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan 1 yil muddatgacha berilishi ham loyihaga kiritilgan. Xususan, loyihaga ko‘ra voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘rlik ishlatib, nomusiga teginganlar jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi nomi Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha komissiyasi nomiga, shuningdek, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya nomi Bolalar masalalari bo‘yicha komissiya deb o‘zgartirilishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Muhokama 26 yanvarga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

voyaga etmaganlar jinsiy tajovuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing