Tarbiyachi yoki zo‘ravon? Bog‘chalardagi dahshatlar

Tahlil

Bolaning ustiga qaynoq suv quygan tarbiyachi, bolaning qo‘lini sanchqi bilan kuydirgan bog‘cha xodimi, kaltaklanib majruh bo‘lgan tarbiyalanuvchi, hatto elektr toki urishi oqibatida halok bo‘lgan go‘dak – bular qo‘rqinchli film ssenariysi emas, balki maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachilar tomonidan ojiz bolalarga nisbatan sodir etilayotgan shafqatsizliklar, zo‘ravonliklardir.  

So‘nggi vaqtlarda tahririyatga farzandlari bog‘chalarda kaltaklanayotgani haqida murojaat qilayotgan ota-onalar soni ortib bormoqda. O‘quv xonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilganiga qaramay, ayrim tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik davom etmoqda. Ayrim holatlarda bu kabi qilmishlarga tashkilot rahbariyati ham ko‘z yumayotgani aytilmoqda. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni yashirish yoki dalillarni yo‘q qilish holatlari uchramoqda. Hatto shunday tarbiyachilar ham borki, ular o‘zlari sodir etgan zo‘ravonlik tasvirlarini yaqinlariga tarqatishdan ham tap tortmaydi.

2025 yil yanvaridan 2026 yil apreliga qadar bo‘lgan davrda o‘nlab shunday holatlar oshkor etildi. Shu vaqt oralig‘ida tarbiyachilarning beparvoligi oqibatida kamida 3 nafar go‘dak maktabgacha ta’lim muassasalarida baxtsiz hodisa sabab hayotdan ko‘z yumgan. Bu esa ota-onalarda jiddiy xavotir uyg‘otib, farzandini bog‘chaga berish borasida ikkilanishni kuchaytirmoqda.

Xususan, Namangan shahridagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida bolalarning muntazam kaltaklanayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan. Shuningdek, joriy yilning 7 aprel kuni Navoiy shahridagi yana bir xususiy bog‘chada tarbiyachi kichik guruh bolalarini tepib, kaltaklagani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrim bolalar qo‘rquv oqibatida nutqida nuqson paydo bo‘lgani, boshqalari esa shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.

Bunday holatlar yuzasidan mas’ul idoralar odatda rasmiy izoh berish bilan cheklanadi. Ko‘pincha aybdorlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani ma’lum qilinadi. Vaholanki, ayrim holatlarda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik qo‘llanilgan taqdirda ham jazolar jiddiy emas. Masalan, o‘tgan yili Toshkent shahrida 5 yoshli bolani kaltaklagan tarbiyachiga nisbatan atigi BHMning 3 barobari miqdorida jarima tayinlangan.

Aslida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deganda faqat jinsiy tajovuz yoki erkinlikni cheklash tushunilmaydi. Ojiz bolalarga nisbatan qo‘llanilayotgan jismoniy zo‘ravonlik ham aynan shu toifaga kiradi. Bu borada masala ko‘p bora ko‘tarilgan, davlat rahbari tomonidan ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik mutlaqo kechirilmasligi ko‘p bora ta’kidlangan.

So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim tizimi sezilarli darajada kengaydi. Agar 10 yil avval bog‘chalarga qatnayotgan bolalar soni 700–750 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 2 milliondan oshdi. Xususiy sektor keng jalb etildi, davlat-xususiy sheriklik asosida minglab yangi muassasalar tashkil etildi. Hozirda respublika bo‘yicha qariyb 40 mingta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda, ularning katta qismi xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.

Tizimda ish o‘rinlari ko‘paydi, tarbiyachilarning oylik maoshlari oshirildi, malaka oshirish va oliy ta’lim olish imkoniyatlari kengaytirildi. Biroq yaratilgan sharoitlarga qaramay, ayrim tarbiyachilar tomonidan xizmat mavqeidan foydalanib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari davom etayotgani tizimda hali jiddiy muammolar borligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar fikricha, bu holatlar ko‘p jihatdan kadrlar tanlashdagi kamchiliklar, tarbiyachilarning psixologik holati va mas’uliyat darajasi yetarlicha o‘rganilmayotgani bilan bog‘liq. Ayrimlar uchun bolani urish “tarbiya usuli”ga aylanib ulgurgan. Vaholanki, xalqaro tajriba bolalarni zo‘ravonliksiz ham samarali tarbiyalash mumkinligini allaqachon isbotlagan.

Eng muhimi, bolalar huquqi qonun bilan qat’iy kafolatlangan. Bola oddiy fuqaro emas, u alohida himoyaga muhtoj shaxsdir. Hech kim – na ota-ona, na tarbiyachi unga nisbatan zo‘ravonlik qilishga haqli emas!

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan oliy ta'lim malaka oshirish zo'ravonlik jinsiy tajovuz Bog'chalar Tarbiyachi yoki zo'ravon? dahshatli haqiqatlar tarbiyachilar oylik maoshlar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing