Toshkentga kelganlarga avtomobilini postda qoldirib, shaharga jamoat transportida kirishiga sharoit qilinadi

Jamiyat

image

Endi Toshkent shahriga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shahar tashqarisidagi turargohlarda qoldirib, shaharga jamoat transportida kirishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi. 

Dekabrning boshida Toshkent shahrida transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha alohida qaror imzolangan. Endi yirik megapolislar kabi poytaxtda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l-transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.

Bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar qurish, 100 kilometr yo‘lni ta’mirlab, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tunnel barpo etish topshirilgan. Shuningdek, kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi ertalabki va kechki tig‘iz vaqtda Toshkent shahriga kelgan yuk mashinalari shaharga kirish nuqtalaridagi to‘xtash joylarida 3 soat kutib turishi haqida xabar berilgan edi. Xususan, Toshkent shahrining “Erkin”, “Sharq”, “Bektemir”, “Uch qahramon” va “Turbanov” yo‘l-patrul xizmati maskanlarida poytaxt va unga tutash hududlardan keladigan mashinalar uchun 5 ta avtoturargoh qurilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent jamoat transporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing