Endi sudlanganlarga Rossiya fuqaroligi berilmaydi

Olam

image

Rossiyada hukumat komissiyasi sudlanganligi olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan chet elliklarga Rossiya fuqaroligini, vaqtincha yashash ruxsatnomasini (VYAR) yoki yashash uchun ruxsatnomani (YAR) berishni taqiqlashni ma’qulladi. Bu haqda komissiya yig‘ilishi materiallariga tayanib, TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, gap “Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunga kiritiladigan o‘zgartishlar haqida bormoqda. Keyinchalik aniqlangan olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan sudlanganlik fuqarolik, yashash uchun ruxsatnoma yoki vaqtincha yashash ruxsatnomasini berish haqidagi qarorni bekor qilishga asos bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, qonun kuchga kirishidan oldin hujjatlarni olgan shaxslar ushbu tashabbus ta’sir doirasiga kirmaydi.

Bundan tashqari, komissiya yana bir qonun loyihasini ma’qullagan. Unga ko‘ra, chet elliklar Migratsiya xizmatiga (IIV) hujjat topshirishda sudlanganlik bor-yo‘qligi haqida ma’lumotnoma taqdim etishi shart bo‘ladi. Bunday ma’lumotnoma boshqa davlatning vakolatli organi tomonidan berilishi va Rossiyada ariza topshirilishidan kamida uch oy oldin rasmiylashtirilgan bo‘lishi lozim.

Biroq yangi tartibdan ba’zi istisnolar mavjud. Xususan, 14 yoshga to‘lmagan shaxslar sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma taqdim etishdan ozod qilinadi. Shuningdek, Ukraina fuqarolari uchun ikki yillik o‘tish davri belgilanmoqda. Ular ushbu muddat davomida ma’lumotnoma taqdim etishi shart emas.

2025 yilning iyul oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya fuqaroligidan mahrum etish uchun asoslar ro‘yxatini sezilarli darajada kengaytiruvchi qonunni imzolagandi. Ular qatoriga jinsiy zo‘ravonlik, terrorizmga ochiqcha chaqiriqlar, Rossiya xavfsizligiga zarar yetkazuvchi xorijiy davlatlar yoki tashkilotlar bilan yashirin hamkorlik, Rossiya ishtirokisiz xalqaro tuzilmalar qarorlarini bajarishga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakat dushmanlariga yordam berish kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya fuqaroligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing