Markaziy osiyoliklarga Rossiya fuqaroligini berishni to‘xtatish taklif qilindi

Olam

image
Rossiya migrantlarga uyiga pul yuborishda ham taqiq qo‘ymoqchi north_east

Rossiya migrantlarga uyiga pul yuborishda ham taqiq qo‘ymoqchi

“Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi raisi Sergey Mironov 2030 yilgacha Rossiyaga Markaziy Osiyodan borgan migrantlarga fuqarolik va yashash uchun ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etishga chaqirdi. Bu haqda u “Gazeta”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning fikricha, migrantlar oqimining ortishi Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid solmoqda.

“Rossiyaga kuchsiz nazorat qilinayotgan migrantlar oqimi tobora oshib bormoqda. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki olti oyida xorijliklarga qariyb 114 mingta mehnat ruxsatnomasi berilgan, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan qariyb yarim baravar ko‘p. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada 6,5 milliondan ortiq migrant bor va ulardan faqat bir qismi ishlaydi. Qolganlari esa hech narsa qilmaydigan, biroq shifoxonalar va maktablar kabi bizning ijtimoiy infratuzilmamizdan foydalanadigan oilalar a’zolari”, deydi Mironov.

Deputatning fikricha, bunday vaziyat Rossiya milliy xavfsizligi va fuqarolar farovonligiga bevosita tahdid tug‘diradi.

“Adolatli Rossiya” mamlakatdagi migratsiyani tartibga solishga yordam beradigan bir qator qonun loyihalarini allaqachon Davlat Dumasiga kiritgan. Ammo bu qarorlar hali qabul qilinmagan. Men 2030 yilgacha Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga fuqarolik va yashash uchun ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etishga chaqiraman. Faqat shunday yo‘l bilangina biz vaziyatni barqarorlashtira olamiz va bugun mamlakatga chet elliklarning ommaviy kelishi tufayli yuzaga kelayotgan barcha muammolarni hal qilamiz”, deydi Mironov.

Ma’lumot uchun, u 2022 yilning aprelida ham tojikistonliklarga nisbatan shunday moratoriy joriy etish tashabbusi bilan chiqqan. O‘shanda bu taklif hukumatda ham, Dumada ham qo‘llab-quvvatlanmagan. 2024 yilda esa Mironov yana markaziy osiyolik fuqarolarga Rossiya fuqaroligini berishni 2026 yilgacha to‘xtatishni taklif qilgan, biroq tashabbus yana rad etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergey Mironov boshchiligidagi “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” fraksiyasi deputatlari mehnat migrantlariga oila a’zolarini Rossiyaga olib borish taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Davlat dumasiga  kiritgani haqida xabar berilgan edi. Deputatlarning fikricha, mamlakatda mehnat migrantlari oilalarining mavjudligi davlatning ijtimoiy infratuzilmasi, jumladan, ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash tizimiga katta yuk bo‘lishiga olib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

migrantlar Sergey Mironov Rossiya fuqaroligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing