Yana ikki millioner Rossiya fuqaroligidan voz kechdi
Olam
−
02 mart
18773Amerikadagi Veeam Software va Object First IT kompaniyalari asoschilari Andrey Baronov va Ratmir Timashev Rossiya fuqaroligidan voz kechdi. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikkala tadbirkor ham uzoq vaqtdan beri Rossiyada yashamaydi. Baronov Shveysariyada, Timashev esa AQSHda istiqomat qiladi. Rossiya pasportidan voz kechgan millionerlar Kipr fuqaroligini saqlab qolgan.
Andrey Baronov 2023 yilda Rossiya fuqaroligidan voz kechish uchun hujjatlar taqdim etishini LinkedIn ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z akkauntida e’lon qilgan. U postida Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga kirishini tanqid qilgan va “Ukraina hududidagi ko‘chirilgan ukrainaliklarga” yordam bergan nufuzli gumanitar tashkilotlarga millionlab dollar xayriya qilganini bildirgan.
Manbaga ko‘ra, tadbirkorlar Rossiyaning Kiprdagi elchixonasida fuqarolikdan voz kechish protsedurasidan o‘tgan. Baronov va Timashev Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiya fuqaroligidan voz kechgan “Forbes” ro‘yxatining sobiq va hozirgi a’zolari orasidan sakkizinchi va to‘qqizinchi tadbirkor bo‘ldi.
Urush boshlanganidan keyin “Forbes” reytingiga kirgan quyidagi tadbirkorlar ham Rossiya fuqaroligidan voz kechgan:
- Ruben Vardanyan (“Troyka Dialog”),
- Timur Turlov (Freedom),
- Yuriy Milner (DST Global),
- Nikolay Storonskiy (Revolut),
- Igor Makarov (“Itera”ning sobiq egasi) ,
- Oleg Tinkov (Tinkoff Group asoschisi),
- Vasiliy Anisimov (Alisher Usmonovning sobiq biznes sherigi).
Ma’lumot uchun, “Forbes” talqiniga ko‘ra, 2017 yildan 2021 yilgacha Baronov va Timashev Rossiyaning 200 ta eng badavlat tadbirkorlari reytingiga kiritilgan. 2020 yilda jurnal Baronovning boyligini 770 million dollar, Ratmir Timashevnikini 680 million dollar deb baholagan. Ularning boyligining asosi Veeam Software kompaniyasini Amerikaning Insight Partners venchur fondiga besh milliard dollarga sotishdan olingan daromaddir.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Adliya vazirligi “Tinkoff Group asoschisi Oleg Tinkovni xorijiy agentlar” reyestriga kiritgandi.
LiveBarchasi