Endi Prezident istalgan mahkumni afv etishi va ozodlikka chiqarishi mumkin

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mahkumning yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsning afv etishni so‘rab yozgan iltimosnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar o‘z tashabbusi bilan istalgan mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etishi mumkin. Bu haqda Prezident tomonidan kecha, 26 yanvar kuni imzolangan PF-6146 sonli farmonda so‘z boradi. 

Farmonga ko‘ra, Prezidentning islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalarining Fuqarolik, afv etish va siyosiy boshpana berish masalalari bo‘yicha sho‘’basi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalarining fuqarolik va afv etish sho‘’basi etib o‘zgartirilgan.

Endilikda Prezident mahkumning yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsning afv etishni so‘rab yozgan iltimosnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar o‘z tashabbusi bilan istalgan mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etishi mumkin.

Ushbu tartib qanday amalga oshiriladi? 

Prezident tomonidan imzolangan mahkumning yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi topshiriq xati Sho‘’baga yuboriladi.

Sho‘’ba Prezidentdan topshiriq xatini olgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha Komissiyasi a’zolariga majlis o‘tkazilishi kuni va joyi haqida xabar beradi.

Komissiya majlisi yakunida bo‘yicha Sho‘’ba tomonidan mahkumlarni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning shaxsini va hujjatlarini o‘rganish uchun ishchi guruhlar shakllantiriladi va ularning joylarga chiqishi tashkil etiladi.

Ishchi guruh Komissiya muhokamasiga kiritish uchun hujjatlari ajratib olingan mahkumlardan yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslardan ularga nisbatan afv etish masalasi ko‘rib chiqilishiga e’tirozi yo‘qligi haqida rozilik xati oladi. Rozilik xatiga zarur hujjatlar ilova qilinadi.

Mahkum yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs rozilik xatini yozmagan taqdirda, uning hujjatlari Komissiyaning muhokamasiga kiritilmaydi.

Komissiya ishchi guruh tomonidan taqdim etilgan  hujjatlarni muhokama qilib, afv etilishi mumkin bo‘lgan mahkumlar yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslar bo‘yicha bayonnoma qarorini qabul qiladi va Prezidentga taklif kiritadi.

Komissiyaning mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etishga tavsiya qilishni rad etganligi, ularga kelgusida afv etishni so‘rab iltimosnoma bilan murojaat qilishga monelik qilmaydi.

Amalda qanday edi? 

Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengashi organi hisoblangan Komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Komissiyaning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda «Nuroniy» jamg‘armasi vakillari kiritiladi.

Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, shuningdek, boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda boshqa shaxslar ham kiritilishi mumkin.

Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma mahkum yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs, shuningdek, qonun hujjatlari bilan afv etish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish huquqi berilgan shaxs (organ)lar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozma shaklda beriladi.

Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnomani Komissiya tomonidan ko‘rib chiqish muddati iltimosnoma kelib tushgan kundan boshlab uch oydan oshmasligi lozim.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni afv etish

Baholaganlar

198

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing