Bog‘chalarda yangi lavozim joriy etiladi

Jamiyat

image

2025 yil 1 yanvardan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyachi-metodist lavozimi negizida amaldagi mehnatga haq to‘lash shartlarini saqlab qolgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarini bitirgan bolalarga ularning rivojlanish xaritasi asosida bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik haqida elektron sertifikat berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

2025 yil 1 avgustga qadar esa maktabgacha ta’limning davlat ta’lim dasturi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi hamda maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uzviyligi va muvofiqligi ta’minlanadi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab:

  • maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyachi-metodist lavozimi negizida amaldagi mehnatga haq to‘lash shartlarini saqlab qolgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi;
  • barcha tuman (shahar)larda kamida bittadan tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlaridan malakali trenerlar guruhi shakllantiriladi;
  • trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor o‘rinbosarlariga lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.

2025 yil 1 martdan boshlab:

  • tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari (4 ta auditoriya ko‘rinishidagi avtobuslar negizida) joriy etiladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab:

  • tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim guruhlari ochiladi.

2025-2026 o‘quv yilidan boshlab:

  • davlat oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dual ta’lim shakli joriy etiladi;
  • davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda maktabgacha ta’lim yo‘nalishining sirtqi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha har yili kamida 200 ta maqsadli qabul kvotalari ajratiladi va ularga maktabgacha ta’lim yo‘nalishida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog kadrlar tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • jismoniy shaxs bir paytning o‘zida bir nechta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida mehnat faoliyatini yuritayotgan bo‘lsa, ijtimoiy soliq summasi uning bitta (asosiy) ish joyi bo‘yicha to‘lash amaliyoti joriy etiladi;

2025 yil 1 yanvardan boshlab:

  • qamrov darajasi past bo‘lgan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, ushbu Farmon asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari ham rag‘batlantiriladi va davlat oliy ta’lim muassasalariga ularning bo‘sh turgan yer uchastkalarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil 1 yanvardan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimiga nomzodlarni menejment kurslariga qabul qilish va ularga elektron shaklda maxsus portal orqali sertifikat berish tizimi joriy etilishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni maktabgacha ta'lim tashkiloti yangi lavozim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing