Endi maktablar oldida ham radar o‘rnatiladi
Jamiyat
−
20 noyabr 2023
5369O‘zbekistonda endilikda yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida ham radar o‘rnatiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 20 noyabr kuni imzolagan farmonida keltirilgan.
Hujjat bilan davlat rahbarining amaldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 190-son qaroriga o‘zgartirish kiritilgan.
Unga ko‘ra, endi yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida, kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida hamda yo‘l-transport hodisalar o‘choqlarida belgilangan tezlikni oshirish, piyodalarni o‘tkazmaslik va fuqarolarning yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi kabi qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus foto-video qayd etish vositalari o‘rnatiladi.
Qayd etilishicha, bu “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ahamiyatlisi shundaki, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar summasining 5 foizi, avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma olish va o‘zgartirish uchun yig‘imlarning 20 foizi, kameralar orqali qayd etilgan qoidabuzarlik uchun jarimalarning 25 foizi mazkur jamg‘armaga o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hududida huquqbuzarliklarni qayd etuvchi jami 2,5 mingdan ziyod kamera va radarlar o‘rnatilganini ma’lum qilgan edi. Davlat rahbariga ko‘ra, radarlar sonining oshirilishi va aholi yashash joylarida harakatlanish tezligi 60 kilometr/soatga tushirilishi hisobiga mazkur hududlarda avariyalar 30 foizga kamaygan.