Endi “prava”siz mashina boshqarganlar kamera orqali aniqlanadi

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda hujjatlarsiz mashina boshqarganlar kamera orqali aniqlanadi. Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 23 fevralidan 3 mart kunigacha avtomobil yo‘llarida shaxsning yuzini aniqlash funksiyasiga ega kameralar hamda foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilib, test rejimida ishlagan. Ushbu qurilmalar orqali bir qancha haydovchilik huquqidan mahrum etilgan fuqarolarning mashina boshqargani va boshqaruv vaqtida telefondan foydalangani aniqlangan.

“Endilikda ushbu qurilmalar qoidabuzarliklarga nisbatan onlayn ravishda chora ko‘rishni boshlaydi. Bilib qo‘ygan yaxshi – boshqaruv huquqidan mahrum etilgan shaxslarning transport vositasini boshqarishi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxs ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham avtomashina boshqarsa, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 261-2-moddasi (Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarishi) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorida jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlanadigan ma’muriy huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

jarima pravasiz haydovchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing