Endi pedofillar kastratsiya qilinadi. Qozog‘istonda!
Olam
−
08 Oktabr 8088 2 daqiqa
Qozog‘istonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tash muddati tugashidan olti oy oldin kimyoviy kastratsiya qo‘llaniladi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Majburiy tibbiy chora qo‘llash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyruqqa kiritilgan o‘zgartirishlarda so‘z boradi.
Hujjatga binoan, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati mahkumning muddati tugashidan kamida 12 oy oldin sudga hujjatlarni yuboradi, bu orqali shaxsda ruhiy og‘ishlar yoki jinsiy zo‘ravonlikka moyillik mavjud yoki yo‘qligi bo‘yicha sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanadi.
Shuningdek, bu tartib ruhiy buzilishi aniqlangan, ammo aqli raso deb topilgan shaxslarga nisbatan sud qarori bilan majburiy tibbiy choralar qo‘llanilgan hollarga tatbiq etilmaydi.
Buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan keyin o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Qozog‘istonda bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sonining keskin oshishi ortidan 2018 yildan boshlab pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya choralarini qonuniy ravishda qo‘llash imkoniyati joriy etilgan edi. Ushbu protsedura faqat sud hukmi bilan sud-psixiatriya ekspertizasi jinoyat sodir etishga moyillikni tasdiqlagan shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi.
2024 yilning fevral oyida esa parlament deputatlari bolalarga zo‘rlik qilgan jinoyatchilarga jarrohlik yo‘li bilan kastratsiya qilish taklifini ham ilgari surgan edi.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda pedofiliya bo‘yicha 874 ta jinoyat ishi ro‘y bergan. Umuman olganda, mamlakatda har yili taxminan 900 ga yaqin bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati qayd etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus Bosh prokuraturasi Jinoyat kodeksiga pedofiliyada ayblangan shaxslarni majburiy kimyoviy kastratsiya qilishni nazarda tutuvchi tuzatishlar ishlab chiqqandi.