Endi noqonuniy qurilishning har bir kvadrat metriga jarima solinishi mumkin (video)
Jamiyat
−
20:06 389 3 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda noqonuniy qurilish uchun har bir kvadrat metrga 2 mln so‘mgacha jarima belgilanishi mumkin. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan shaharsozlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasida so‘z boradi.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nozimbek Rustambekovning aytishicha, 2023 yilda “Shaharsozlik to‘g‘risida”gi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq qariyb 8000 ta huquqbuzarlik aniqlangan. 2024 yilda esa bunday huquqbuzarliklarning soni qariyb 9000 taga yetgan. Shu davrda sifatsiz qurilish-montaj ishlari aniqlangan 4000 dan ortiq ob’ektda qurilish ishlari to‘xtatilgan. Shuningdek, 2025 yilda respublika bo‘yicha 2653 ta holatda ma’muriy jarima qo‘llanilgan hamda 2350 ta ob’ekt buzilgan.
“Mazkur raqamlar shaharsozlik sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etmaslik alohida holat emas, balki ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni talab etayotgan tizimli muammo ekanligini ko‘rsatmoqda. Amaldagi ta’sir choralari ayrim hollarda huquqbuzarlik uchun yetarli iqtisodiy to‘siq yaratmayapti. Qurilishni sun’iy ravishda cho‘zish, yer uchastkasini qurilishni amalga oshirmasdan zaxira sifatida ushlab turish, tasdiqlangan shaharsozlik va loyiha hujjatlariga zid qurilish, shuningdek, vakolatli organni xabardor qilmasdan qurilish ishlarini boshlash kabi holatlar amaliyotda saqlanib qolmoqda”, deydi Rustambekov.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi bilan ikkita asosiy masala hal etilmoqda. Birinchisi – urbanizatsiya sohasidagi huquqiy munosabatlarni “Shaharsozlik kodeksi”da yaxlit va tizimli ravishda mustahkamlash. Loyiha bilan “Shaharsozlik kodeksi”ning tartibga solish doirasi shaharsozlik faoliyati bilan bir qatorda urbanizatsiya faoliyatini ham qamrab olishi belgilanmoqda. Urbanizatsiya faoliyatining asosiy prinsiplari, urbanizatsiya normalarining huquqiy maqomi hamda ularga rioya qilish majburiyati qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qo‘mitasi urbanizatsiya sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilanib, uning vakolatlari “Shaharsozlik kodeksi”ga kiritilmoqda. Bunda Milliy qo‘mita urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya, hududlarni rejalashtirish va shaharsozlik hujjatlarning amalga oshirilishi bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan vazifalar doirasida maxsus vakolatli organ sifatida faoliyat yuritadi.
Ikkinchi masala – shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun ta’sirchan moliyaviy javobgarlikni belgilash. Bildirilishicha, qonun loyihasi har qanday kamchilik yoki texnik xato uchun yuqori miqdorda moliyaviy sanksiyani qo‘llashni nazarda tutmayapti. Moliyaviy sanksiyalar faqat qonunda aniq belgilanadigan qo‘pol huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Jumladan:
- qurilishni tasdiqlagan shaharsozlik va loyiha hujjatlariga zid ravishda amalga oshirish;
- yer uchastkasini belgilangan funksional maqsadga muvofiq bo‘lmagan ob’ekt qurish;
- tegishli loyiha hujjatlarisiz qurilish ishlarini bajarish;
- qonunda belgilangan yirik noqonuniy ob’ektlar qurilishini vakolatli organni xabardor etmasdan boshlash yoki yolg‘on ma’lumot taqdim etish.
Bunday holatlar aniqlanganda buyurtmachi, pudratchi, shuningdek, tegishli hollarda sud pudratchiga nisbatan huquqbuzarlik aniqlangan vaqtga qadar amalga oshirilgan jami qurilish hajmining har bir kvadrat metr uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida (2 mln 060 ming so‘m) moliyaviy sanksiya qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini 88 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 15 nafari qarshi ovoz bergan. Yetti deputat betaraf qolgan, sakkiz nafari ovoz berishda ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi