Endi NATOdan qo‘rqmasa ham bo‘ladimi?
Olam
−
10 iyul 2122 10 daqiqa
NATOning kelajagi Anqarada hal bo‘ldi
NATO – dunyoning eng qudratli harbiy ittifoqi. Tashkilotning har bir qarori Yer sharining taqdiriga ta’sir etadi. Yevropa va Shimoliy Amerikadagi 32 davlatni birlashtirgan alyans nafaqat a’zo mamlakatlar mudofaasini ta’minlaydi, balki dunyoning turli nuqtalaridagi geosiyosiy jarayonlariga ham bevosita ta’sir o‘tkazadi. Shu bois NATOning har bir sammiti global xavfsizlikning keyingi yo‘nalishini belgilab beruvchi muhim siyosiy jarayon sifatida dunyoning e’tiborida bo‘ladi.
Joriy yilning 7–8 iyul kunlari NATOning 36-sammiti Turkiyada o‘tkazilishi esa alohida masala. Yevropa tomonidan u qadar ham xushlanmaydigan Erdo‘g‘an ma’muriyati endi butun boshli tashkilotga rahbarlik qilishga urinmoqda. Yaqin Sharqdagi keskinlik, Rossiya–Ukraina urushi, mudofaa xarajatlarini oshirish talablari, alyans ichidagi manfaatlar to‘qnashuvi hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning bayonotlari fonida ushbu ikki kunlik uchrashuv xalqaro jamoatchilikning diqqat markaziga aylandi. Sammit davomida qabul qilingan qarorlar, davlat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar va kutilmagan siyosiy epizodlar NATOning qaysi “yo‘l”dan ketayotganini ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, Turkiyada bo‘lib o‘tgan ushbu sammit alyansning kuchini yana bir bor namoyish etdimi yoki aksincha, uning ichki muammolarini yuzaga chiqardimi?
Tadbir haqida umumiy
7–8 iyul kunlari Turkiya poytaxti Anqaradagi Prezident majmuasida NATO tarixidagi 36-sammit bo‘lib o‘tdi. 2004 yilda Istanbulda o‘tkazilgan ushbu sammitdan 22 yil o‘tib, Turkiya yana alyansning eng muhim siyosiy tadbiriga mezbonlik qildi. Sammitda NATOga a’zo 32 davlatning hukumat rahbarlari, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, shuningdek, Yevropa Kengashi va Yevropa Komissiyasi rahbarlari ishtirok etdi. Kutilganidek, tadbirning bosh mavzulari mudofaa xarajatlarini oshirish, Rossiya–Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi vaziyat, mudofaa sanoati hamkorligi hamda alyansning kelgusi strategik yo‘nalishlari bo‘ldi. AQSHda hokimiyat tepasiga Donald Tramp kelganidan keyin, tashkilotga ajratiladigan mablag‘lar keskin tushib ketdi. Bu esa o‘z mudofaasini NATOga ishonib qo‘ygan Yevropa davlatlarini xavotirga solib qo‘ydi. Shundan beri ittifoqchilarning “dardi” avvalgi ta’minotni qayta tiklash yoki shaxsiy harbiy qudratini kuchaytirish masalasi bo‘lib qolgan.
Sammitning birinchi kuni Mudofaa sanoati forumi bilan boshlandi. Unda NATO davlatlari, mudofaa kompaniyalari va sanoat vakillari alyansning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni jadallashtirish va yangi texnologiyalarni harbiy sohaga joriy etish masalalarini muhokama qildi. Forum NATOning faqat siyosiy yoki harbiy emas, balki sanoat va texnologik hamkorlik platformasiga aylanib borayotganini ham namoyish etdi.
Shundan so‘ng, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte sammit oldidan matbuot anjumani o‘tkazdi. U alyans o‘tgan yili qabul qilgan mudofaa investitsiyalarini keskin oshirish rejasi amalda bajarilayotganini, a’zo davlatlar mudofaa sanoatini rivojlantirish va qo‘shma ishlab chiqarishni kengaytirishga jiddiy kirishganini ta’kidladi. Ryutte NATO iqtisodiy salohiyatini real harbiy qudratga aylantirish va zamonaviy tahdidlarga moslashish sammitning bosh maqsadi ekanini alohida ta’kidladi. Bosh kotibning nutqidan shuni anglash mumkinki, ittifoqchilar dunyo ko‘z o‘ngida zaif ko‘rinishni istamayapti. Cho‘ntagi bo‘sh bo‘lsa ham, NATO hanuz oyoqda.
Kunning ikkinchi yarmida davlat va hukumat rahbarlari ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralar katta e’tibor markazida bo‘ldi. Trampning sammitga Erdo‘g‘andan yordam so‘rash uchun kelgani, uning gap-so‘zidan, ko‘tarayotgan mavzularidan sezilib turdi. Oq uy rahbari bu safar o‘zini tahdidkor emas, muloyim va xushomadgo‘y qiyofasini namoyon etdi. Ukraina masalasi, Rossiyaga nisbatan kollektiv siyosat, Yaqin Sharqdagi xavfsizlik hamda Turkiyaga nisbatan qo‘llanilgan ayrim cheklovlarni bekor qilish masalalari eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan bo‘lgani ham bejiz emas.
Ikkinchi kun – sammitning asosiy siyosiy qismi hisoblandi. Davlat rahbarlari avval an’anaviy oilaviy suratga tushdi, shundan so‘ng Shimoliy Atlantika kengashining yalpi yig‘ilishi boshlandi. Unda mudofaa xarajatlari, alyansning sharqiy qanotini mustahkamlash, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam, Rossiyaga nisbatan tiyib turish siyosati hamda NATOning Yaqin Sharqdagi ehtimoliy roli muhokama qilindi. Vashingtonning ishonchiga kirish ilinjidami yoki NATOning asl pozitsiyasi chindan shundaymi buni bilish qiyin, ammo Mark Ryutte Eronga bo‘lgan hujumlarni yoqlab chiqqani ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
“O‘ylaymanki, bu mutlaqo zarur edi. Biz kecha kemalarga qanday hujum qilinganini ko‘rdik. Eron o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzmoqda”, deya bayonot berdi NATO bosh kotibi.
Ikki kunlik sammit davomida rasmiy muzokaralar bilan bir qatorda norasmiy uchrashuvlar, matbuot anjumanlari va diplomatik muloqotlar ham xalqaro ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘ldi. Ayniqsa, Donald Trampning keskin bayonotlari, Turkiyaning ochiqchasiga namoyon etgan ambitsiyalari NATO sammitini rasmiy tadbir emas, qiziqarli televizion shouga aylantirib yubordi deyish mumkin.
“Bu juda muvaffaqiyatli sammit”
Sammit natijalari haqida AQSH Prezidenti “Bu juda muvaffaqiyatli sammit” deb izoh berdi. Xo‘sh, aslida ham hammasi shundaymi, ikki kunlik sammit davomida nimalarga erishildi?
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, NATO uchun eng muhim masala mudofaa bo‘lib qolmoqda. Sammitda aytilishicha, o‘tgan yilgi hisob-kitobga nisbatan ittifoqchilarning mudofaa xarajatlari oshgan, jumladan, 2025 yilda Yevropa ittifoqchilari va Kanada mudofaa xarajatlarini oldingi yilga nisbatan 20 foizga, ya’ni qariyb 139 milliard AQSH dollariga oshirgan. NATO rahbariyati buni sovuq urush tugaganidan buyon kuzatilgan eng keskin o‘sishlardan biri sifatida baholadi. Shu bilan birga, davlatlar 2035 yilgacha mudofaa xarajatlarini bosqichma-bosqich yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha yetkazish rejasini yana bir bor tasdiqladi.
Aslida ham uzoq vaqt davomida tashkilot harbiy xarajatlarining katta qismi AQSH tomonidan qoplanardi. Bu balki Pentagonning uzoq muddatli strategiyasi yoki shunchaki tasodifdir, biroq AQSHning pullarisiz bugun qit’a mudofaasi qaysidir ma’noda nochor ahvolda qolgan. Trampning NATOga yordami haqidagi gaplari ham to‘liq chin bo‘lmasada, butunlay noto‘g‘ri deb ham bo‘lmaydi.
“Bir paytlar NATO xarajatlarining deyarli 100 foizini biz to‘lardik. Ko‘plab davlatlar esa umuman hech narsa to‘lamasdi”, degan Oq uy rahbari jurnalistlarga bergan intervyusida.
Bundan tashqari eng katta e’tibor, tabiiyki, Ukrainaga qaratildi. NATO davlatlari 2026 yil davomida Ukrainaga harbiy texnika, o‘q-dori, havo hujumidan mudofaa vositalari, tayyorgarlik dasturlari va logistika uchun jami 70 milliard yevro ajratishga rasman kelishib oldi. Bundan ham muhimi, bu yordam bir martalik paket emas. Sammit deklaratsiyasida ittifoqchilar 2027 yilda ham kamida shunday miqdordagi yordamni saqlab qolish majburiyatini o‘z zimmalariga oldi. Bu shuni ko‘rsatadiki, kelgusi yilda ham Rossiya bilan mojarolar tugashiga ittifoqchilarning o‘zlarini ham ko‘zi yetmayapti.
Sammitning iqtisodiy jihatdan eng yirik natijalaridan biri Mudofaa sanoati forumida qayd etildi. NATO Bosh kotibi Mark Ruttening ma’lum qilishicha, forum davomida 50 milliard yevrolik yangi harbiy xarid shartnomalari imzolandi. Ular havo hujumidan mudofaa tizimlari, uzoq masofali raketalar, dronlar, o‘q-dorilar va boshqa strategik qurol-aslahalarni ishlab chiqarish hamda yetkazib berishga qaratilgan. NATO rahbari bu kelishuvlarni alyans tarixidagi eng yirik mudofaa sanoati tashabbuslaridan biri deb atadi.
Bundan tashqari, logistika va harbiy infratuzilmani mustahkamlash uchun 27 milliard yevrolik yangi investitsiya dasturi ham e’lon qilindi. Mazkur mablag‘ yonilg‘i omborlarini modernizatsiya qilish, quvur tarmoqlarini kengaytirish, ta’minot zanjirlarini qayta tashkil etish hamda NATOning sharqiy qanotidagi harbiy harakatlanish imkoniyatlarini oshirishga yo‘naltiriladi. Rossiya bilan chegaradosh hududlarda harbiy yuklarni tezkor tashish imkoniyatini yaratish alyansning asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko‘rsatildi.
Kelajak urushlari katta qo‘shinlar bilan emas, texnologiyalar orqali hal bo‘lishi haqidagi qarash Anqarada yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Sammit davomida NATO dron texnologiyalarini rivojlantirish uchun 40 milliard dollarlik yangi tashabbusni ishga tushirdi. Rejaga ko‘ra, kelgusi besh yil ichida alyans sun’iy intellekt asosidagi boshqaruv tizimlari, uchuvchisiz platformalar va o‘zaro integratsiyalashgan jangovar texnologiyalarni keng joriy etadi. Dunyoning qonuni – tinchlik istasang, urushga tayyor tur.
Anqara sammitida global xavfsizlik masalalari ham muhim o‘rin egalladi. Yakuniy deklaratsiyada ittifoqchilar Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak, degan pozitsiyani yana bir bor tasdiqladi hamda Tehronni xalqaro majburiyatlarga rioya etishga chaqirdi. Shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozida erkin yuk tashishni tiklash, xalqaro dengiz savdosi xavfsizligini ta’minlash va mintaqadagi keskinlikni kamaytirish zarurligi alohida qayd etildi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, AQSH va Isroilning Eronga hujumlaridan oldin bo‘g‘oz ochiq va mutlaqo erkin suv yo‘li edi. Biroq, Yevropani Amerika oldida tili qisiqligi sabab buni heh kim aytmaydi.
Sammit yana bir jihati bilan e’tibor qozondi. NATO o‘z faoliyatini faqat Yevropa va Shimoliy Atlantika bilan cheklamasligini amalda namoyish etdi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi Hind–Tinch okeanining hamkorlari bilan xavfsizlik aloqalarini yanada mustahkamlash, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan mudofaa va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi siyosiy kelishuvlarga erishildi.
Mark Rutte sammit yakunlari bo‘yicha bergan bayonotida “Anqarada NATO shunchaki va’dalar bermadi, balki real natijalarni taqdim etdi”, deya ta’kidladi. Uning fikricha, mudofaa sanoatiga rekord darajadagi sarmoyalar, Ukrainani uzoq muddat qo‘llab-quvvatlash rejasi va yangi texnologik tashabbuslar alyansni kelajakdagi tahdidlarga tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Turkiyaning ambitsiyalari
Anqara sammiti shunchaki NATOning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lishi bilan birga, Turkiyaning geosiyosiy salohiyatini namoyish etadigan maydonga ham aylandi. Ikki kun davomida nafaqat alyansning kelajagi muhokama qilindi, balki Turkiyaning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi o‘rni, diplomatik ta’siri va harbiy sanoatdagi o‘sib borayotgan imkoniyatlari ham yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Sammitning eng muhim diplomatik yutuqlaridan biri – Turkiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi mudofaa kelishuvi bo‘ldi. Ikki davlat xavfsizlik va mudofaa sanoati bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish hamda strategik texnologiyalar almashinuvini kengaytirishga kelishib oldi. So‘nggi yillarda Turkiyaning milliy qiruvchi samolyoti loyihasi va harbiy aviatsiya sohasidagi yutuqlari bugun uning hamkorlarining ko‘payishiga asosiy sabablardan biri deyish mumkin. AQSH taklif qilayotgan muqobillaridan ko‘ra arzon, ammo narxiga nisbatan o‘ta samarali Turkiya harbiy texnologiyalari NATOning mudofaa sohasini qutqarib qolishi mumkin bo‘lgan yechimlardan biri bo‘lib turibdi.
Ammo sammitdagi eng ko‘p muhokama qilingan uchrashuv shubhasiz, Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an bilan AQSH Prezidenti o‘rtasidagi muzokaralar bo‘ldi. Ikki liderning iliq muloqoti avvalgi yillardagi sovuq munosabatlardan keskin farq qilardi. Tramp Turkiyaga nisbatan AQSH tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish niyatini ochiq aytdi hamda Anqara bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni tiklash tarafdori ekanini bildirdi. “Reuters” va bir qator nufuzli nashrlarning ma’lumotiga ko‘ra, u hatto Turkiyaning F-35 dasturiga qaytishi masalasini ham ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Anqara sammiti siyosiy qarorlargina emas, ramziy xabarlari bilan ham ajralib turdi. Turkiya mehmonlarni tantanali marosimlar orqali kutib oldi. Harbiy orkestr ijrosidagi tarixiy kuylar, turkiy xalqlar jangchilari obrazida namoyish etilgan tantanali chiqishlar hamda Prezidentlik majmuasidagi marosimlar ko‘plab kuzatuvchilar tomonidan Usmoniylar imperiyasi merosiga ishora sifatida talqin qilindi. Bu orqali Anqara o‘zini nafaqat NATOning sharqiy qanotidagi muhim a’zo, balki ko‘p asrlik geosiyosiy an’analarga ega mintaqaviy qudrat sifatida ko‘rsatishga urindi. Anqara o‘zini bugungi kunda turkiy davlatlarning yetakchisi sifatida talqin etib, bir vaqtlar unga yuzini teskari burgan Yevropa davlatlariga o‘zining qudratini yana bir bor eslatib qo‘ydi.
Shuni ham e’tirof etish kerakki, Turkiyaning eng katta ustunligi uning harbiy salohiyatidan ham ko‘ra, geografik va diplomatik mavqeidadir. Qora dengizdan O‘rta yer dengizigacha, Kavkazdan Yaqin Sharqqacha cho‘zilgan hududda Anqara deyarli barcha yirik geosiyosiy masalalarning bevosita ishtirokchisiga aylangan. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar uchun platforma yaratish, Suriya masalasida Moskva bilan muloqotni davom ettirish hamda NATOdagi faol ishtirok – bularning barchasi Turkiyaga bir vaqtning o‘zida bir necha geosiyosiy maydonda harakat qilish imkonini bermoqda. Bu esa Ukrainaga tobora yordam bera olmay qolayotgan qit’a mamlakatlari uchun Rossiyadan himoyalanishning alternativ yo‘liga aylanmoqda.
Xuddi shunday vaziyat Yaqin Sharqda ham mavjud. Eron bilan G‘arb o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralarda, Hormuz bo‘g‘ozi orqali energiya va yuk tashish xavfsizligini ta’minlashda ham Turkiyaning roli tobora ortib bormoqda. NATO sammitida ham alyans rahbarlari Yaqin Sharqdagi beqarorlik, Eronning yadroviy dasturi va mintaqadagi logistika yo‘laklari xavfsizligini muhokama qilarkan, Anqaraning vositachilik salohiyati alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Bu esa AQSHning Turkiyaga berayotgan va’dalari bejiz emasligini ko‘rsatadi.
Anqara sammitining eng katta siyosiy natijalaridan biri shuki, Turkiya endi shunchaki NATOning ikkinchi yirik armiyasiga ega davlat sifatida emas, balki alyans ichidagi eng muhim diplomatik markazlardan biri sifatida ham ko‘rilmoqda. Ammo Erdo‘g‘an mamlakatni to‘la (batamom) G‘arbga yon bosuvchi davlat emas, har qanday siyosiy maydonda Turkiya manfaati uchungina harakat qiluvchi aktorga aylantirishni xohlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Anqara sammiti NATO tarixidagi navbatdagi yig‘ilish bo‘lish bilan birga, tashkilot doirasida kuch markazlarini o‘zgartirgan, alyans haqida yangi tasavvurlar hosil qilgan katta siyosiy evrilishning ibtidosi bo‘ldi.
Live
BarchasiGaitida samolyot dengizga qo‘ndi
10 iyul