Endi mansabdorlar xizmat mashinasini ko‘ngli tusaganda almashtirmaydi
Jamiyat
−
01 may 2021
5831Davlat amaldorlarining xizmat mashinalarini yangisiga almashtirishi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga o‘tkazib berishi uchun cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga o‘tkazib berish avtotransportdan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkin (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransport vositalari bundan mustasno).
Qarorga ko‘ra, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtoransportlari ikki oy ichida xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan me’yorlar bo‘yicha limitdan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari ro‘yxati shakllantiriladi.
Shakllantirilgan ro‘yxat asosida ortiqcha xizmat avtotransport vositalari 2021 yil 1 avgustga qadar elektron auksion savdolariga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, davlat organlari xodimlarining shaxsiy avtomobillaridan xizmat maqsadlarida foydalanganliklari uchun kompensatsiya to‘lash tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi (uch oy muddatda) ishlab chiqiladi.
Avvalroq, vazirlar va hokimlar eng ko‘pi bilan necha pullik avtomobillarni xizmat mashinasi sifatida xarid qilishi mumkinligi belgilangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi